2-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori tasdiqlandi, deb xabar beradi Norma.uz.
Majburiy markirovkalanishi kerak boʻlgan tovarlar roʻyxatiga tamaki mahsulotlari, alkogol, pivo, suv va ichimliklar, dori vositalari va tibbiyot buyumlari, shuningdek, maishiy texnika kiradi.
Hujjat bilan majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari va mahsulotlar turlari guruhlar boʻyicha quyidagicha belgilandi:
- birinchi guruh — changyutgich, kir yuvish mashinasi, sovutgich va muzlatgich, televizor va monitor — 2022-yil 15-apreldan boshlab;
- ikkinchi guruh — maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikrotoʻlqinli pech, dazmol, suv isitkich — 2022-yil 1-avgustdan boshlab;
- uchinchi guruh — suv isitish qozonlari, konditsioner, oʻrnatilgan elektr motorli maishiy texnika (sok chiqazgich, blender, mikser, kofe yanchgich, goʻsht maydalagich), barcha turdagi lampalar — 2022-yil 1-noyabrdan boshlab.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- majburiy raqamli markirovkalanadigan maishiy texnika mahsulotlarining identifikatsiya kodlari roʻyxati;
- ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
- import qiluvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish grafigi;
- ulgurji va chakana savdo tashkilotlarining maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma-bosqich oʻtishi grafigi;
- Maishiy texnika mahsulotlarini identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizom.
Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida operator tomonidan taqdim etiladi.
Markirovkalash — bu mahsulotda maxsus shifrlangan belgi qoʻyish boʻlib, u ishlab chiqaruvchi, mahsulot seriya raqami kabi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.