Majburiy avtosugʻurta: avtoulov egalari manfaatlarining kafolatlangan himoyasi

    Dolzarb 21 Noyabr 2025 1329

    Koʻpchilik kelasi yildan majburiy avtosugʻurtaning qimmatlashishi haqida eshitgan. Bu oʻzgarishlar haydovchilarni himoyalashni kuchaytirish va yoʻllarda xavfsizlikni oshirishga qaratilgan.

    Biroq bir narsani tushunish muhim: gap faqat narxlarning koʻtarilishi haqida emas, balki sugʻurtani rulda oʻtirgan har bir kishi uchun haqiqiy qoʻllab-quvvatlash va moliyaviy himoya vositasiga aylantirishdir.

    Keling, aynan nima oʻzgarayotganini va bu haydovchilar uchun qanchalik muhimligini koʻrib chiqaylik.

    Majburiy avtosugʻurta boʻyicha sugʻurta qoplamasining eng kam miqdori 40 million soʻmdan 80 million soʻmgacha oshiriladi. Ushbu qaror xorijiy tajribani inobatga olgan holda qabul qilingan va haydovchilarning moliyaviy himoyasini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan.

    Sugʻurta tovoni chegarasining oshishi, tabiiyki, uning narxiga ham taʼsir qiladi. Endi haydovchilar soni cheklangan yengil avtomobil egalari avtosugʻurta uchun quyidagi narxlarda toʻlashadi:

    • hududlarda – 160 000 soʻm (hozirgi 40 000 soʻm oʻrniga);
    • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 192 000 soʻm (56 000 soʻm oʻrniga);
    • vaqtincha olib kirilgan chet el raqamidagi avtomobillar uchun – 320 000 soʻm.

    Yuk avtomobillari uchun sugʻurta narxi esa quyidagicha oʻzgaradi:

    • hududlarda – 280 000 soʻm (avvalgi 48 000 soʻm oʻrniga);
    • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 336 000 soʻm (67 200 soʻm oʻrniga);
    • vaqtincha olib kirilgan chet el raqamli avtomobillar uchun – 560 000 soʻm.

    Bundan tashqari, oʻtgan 12 oyda sugʻurta hodisalari yuz bergan boʻlsa, sugʻurta mukofotlari miqdori ham oʻzgaradi. YTHga uchragan haydovchilar koʻproq toʻlashga majbur boʻladi:

    • bitta YTH boʻlgan boʻlsa – 208 000–249 600 soʻm (avvalgi 80 000–112 000 soʻm oʻrniga);
    • ikki marta hodisa yuz berganda – 320 000–384 000 soʻm (avvalgi 100 000–140 000 soʻm oʻrniga);
    • uch va undan ortiq hodisa yuz berganda – 480 000–576 000 soʻm.

    Yoʻllardagi avtomobillar soni ortib bormoqda, transport oqimi zichlashmoqda, shu bilan birga xavf-xatar ham koʻpaymoqda. Buning ustiga, mashinalar qimmatlashmoqda, ularni taʼmirlash, ehtiyot qismlar va YTHdan keyingi tibbiy yordam narxlari ham oshmoqda. Zamonaviy avtomobillar elektronika bilan jihozlangan boʻlib, hatto arzimas shikastlanishlar ham katta mablagʻ talab qilishi mumkin.

    Bunday sharoitda sugʻurta qoplamasining oshirilishi zararni yaxshiroq qoplash imkonini beradi: sogʻliq, hayot va mulk uchun toʻlovlar ikki barobar koʻpayadi. Bu shuni anglatadiki, YTH yuz berganda, barcha xarajatlarni oʻz choʻntagingizdan qoplashingizga toʻgʻri kelmaydi – qiyin vaziyatda koʻproq yordam olasiz.

    Haydovchilar soni cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish tartibi ham oʻzgardi. Endilikda haydovchilar soni cheklanmagan polisda yaqin qarindoshlarni roʻyxatdan oʻtkazishga hojat yoʻq – ular avtomatik ravishda sugʻurtalanadi. Agar haydovchilar soni cheklangan polis rasmiylashtirilsa, ularni ariza va polisda albatta koʻrsatish kerak. Sugʻurta kompaniyasi tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun ushbu farqni albatta tushuntirib berishi shart boʻladi.

    Bundan tashqari, Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi, endilikda majburiy sugʻurta qilish bilan bogʻliq masalalar va nizolar yuzasidan huquqiy maslahat, YTH toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik va baholash xizmatini koʻrsatish vakolatiga ega boʻldi.

    Majburiy avtosugʻurta – bu yoʻl harakati xavfsizligi tizimining muhim elementi boʻlib, u zararlarni adolatli taqsimlashga yordam beradi va haydovchini jiddiy moliyaviy yoʻqotishlardan himoya qiladi. Shu bilan birga, polis narxi koʻtarilsa-da, bu oʻzini oqlaydi: yangi shartlar ikki baravar koʻp sugʻurta toʻlovlarini, shaffof rasmiylashtirish qoidalarini va kengaytirilgan xizmatlarni nazarda tutadi. Bu sugʻurtani xavfsizligingiz va xotirjamligingiz uchun haqiqatan ham ishonchli yechimga aylantiradi.

    “APEX INSURANCE” Axborot xizmati