Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash tartibi belgilandi

    “Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3601, 20.01.2025-y.)

    Nizom sugʻurtalovchi yoki qayta sugʻurtalovchilarning sugʻurta xizmatlari koʻrsatilishi sifati boʻyicha reytingini aniqlash va yuritish tartibini belgilaydi.

    Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mazkur sohada vakolatli davlat organidir.

    Reyting Agentlikning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantiriladi va rasmiy veb-saytida har oyning 10 sanasida yangilangan holda eʼlon qilib boriladi.

    Sugʻurtalovchi quyidagi koʻrsatkichlar asosida davriylikda baholanadi:

    • umumiy koʻrsatkichlar;
    • ballarni kamaytiruvchi koʻrsatkichlar;
    • qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlar.

    Reyting maʼlumotlari boʻyicha sugʻurtalovchining eʼtirozlari mavjud boʻlganda, oʻz shaxsiy kabineti orqali vakolatli davlat organiga murojaat qiladi.

    Sugʻurtalovchi tomonidan baholash koʻrsatkichi yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar taqdim etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan 5 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.