Maʼlum qilinishicha, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha 2019-yilda tasdiqlangan sugʻurta tarifi miqdorini qayta koʻrib chiqish ishlari olib borilmoqda.
"Sugʻurta tarifi miqdorini qayta koʻrib chiqishga bir qator omillar sabab boʻlmoqda.
Soʻngi yillarda sugʻurta tashkilotlari tomonidan sugʻurta tovonlarini oʻz vaqtida toʻlanmayotganligi hamda toʻlanishi mumkin boʻlgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli boʻlmayotganligi boʻyicha transport vositalari egalarining murojaatlari soni ortib bormoqda.
Tahlillarga asosan 2019-yilda tasdiqlangan 56 ming soʻmlik sugʻurta mukofoti miqdori sugʻurta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli boʻlmagani sababli turli xil yoʻllar bilan toʻlovlar kechiktirib kelinmoqda.
Maʼlumot uchun: 2023-yilda Toshkent shaxrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 2019-yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln soʻm sugʻurta summasi yoʻl-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar boʻyicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qoldi.
Jaxon bankining statistikasiga asosan, Oʻzbekistonda isteʼmol narxi indeksi oxirgi 5-yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oʻsishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz oʻsish dinamikasini koʻrsatgan.
Shu bilan bir qatorda, respublikamizda belgilangan sugʻurta puli va sugʻurta mukofoti xozirda yaqin qoʻshni davlatlar hamda chet el davlatlar bilan solishtirganda eng kam koʻrsatkichni tashkil etadi", deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, mazkur muammoni yechimi sifatida asosli hisob-kitoblar natijasida, yaʼni transport vositalari egalari va sugʻurta tashkilotlari uchun maqbul sugʻurta tariflari va sugʻurta summasini belgilash rejalashtirilmoqda.
Agentlik aholidan bu boradagi taklif va mulohazalarini Napp_connect_bot Telegram-botiga yuborishni soʻramoqda.