Majburiy mehnat taqiqlangan va unga yoʻl qoʻyilmaydi

    Ijtimoiy hayot 27 Sentabr 2022 994

    Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yigʻim-terimi ishlariga turli soha xodimlari majburiy jalb etilayotganiga oid ayrim xabarlar tarqalmoqda.

    Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmasligi milliy qonunchilik bilan tartibga solingani, ushbu qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilangani haqida eslatib oʻtdi.

    "Milliy komissiyasi tomonidan har qanday koʻrinishdagi majburiy mehnatga jalb etish, ishchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bogʻliq muammolarni zudlik bilan oʻrganilishi, bartaraf etilishi hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrilishi nazoratga olingan.

    Aziz yurtdoshlar, agar Siz majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bogʻliq muammolarga duch kelsangiz “1176” hamda “1092” raqamli “ishonch telefon”lariga murojaat qilishingizni soʻraymiz.

    Har bir maʼlumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan oʻrganib chiqiladi hamda zarur choralar koʻriladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir maʼlumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi" deyiladi xabarda.