Bosh konsullikdan olingan ma'lumotlarga ko'ra, shu yil oktyabr` oyida O'zbekiston fuqarolari X.S., B.S. U.D Tashqi mehnat migratsiya agentligining Ekaterinburg shahridagi vakiliga murojaat qilib Sverdlovsk viloyatidagi «Reftinskaya ptitsefabrika» korxonasi ish beruvchilari bir guruh vatandoshlarimizning fuqarolik pasportlarini olib qo'yganini hamda oylik maoshlarini bermasdan majburiy tarzda ishlatib kelayotganini ma'lum qilgan.
Vatandoshlarimizning murojaatlari asosida olib borilgan surishtiruvlarga ko'ra, joriy yilning sentyabr`-oktyabr` oylarida Moskva viloyatida ro'yxatdan o'tgan «Konstanta» MChJ 100 nafardan ortiq yurtdoshlarimizni Sverdlovsk viloyatidagi yirik tovuq etishtirish xo'jaligiga olib kelgan. Migrantlar Rossiyada vaqtincha bo'lish va ishlash huquqini beruvchi hujjatlar bilan rasmiylashtirilmasdan ishga jalb etilgan.
Hamyurtlarimiz bilan muloqot davomida ular 2 oy davomida oylik maoshlarini olmaganliklari, fuqarolik pasportlari tortib olingani aniqlandi.
Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 53 nafar yurtdoshlarimizning fuqarolik pasport olib berilishiga erishildi va ularga Vatanga etib olishlari uchun ko'mak ko'rsatildi. Qolganlar esa Yekaterinburg, Moskva va boshqa shaharlarida qonuniy tarzda o'z faoliyatlarini davom ettirish istaklarini bildirdi.