Videokonferensaloqa orqali oʻtkazilgan mazkur tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda 30 dan ziyod xalqaro tashkilotlarning, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon bankining xodimlari hamda AQSH, Germaniya va Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchilari ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder tadbirni ochar ekan, majburiy mehnatga qarshi kurashishda Oʻzbekiston sezilarli yutuqqa erishganini taʼkidladi, uning salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva oʻz soʻzida mamlakatimizda 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh qilishga xizmat qilganini taʼkidlab oʻtdi.
Qayd etilganidek, mazkur islohotlar doirasida inson huquqlarini taʼminlash, davlat organlarining masʼuliyatini va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turadi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz islohotlar yoʻlini tanladi, bu qishloq xoʻjaligida avvalgi rejali iqtisodiy modelni modernizatsiya qilish, yillik paxta yigʻim-terimida bolalar va majburiy mehnat bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishni oʻz ichiga oladi.
— Biz ushbu islohotlarni xalqimiz va iqtisodiyotimiz farovonligi uchun amalga oshirdik. Paxta yetishtirish uchun davlat tomonidan buyurtma berish tizimini bekor qilish boshlangʻich nuqta boʻldi, — dedi Tanzila Narbayeva. – Biz erishgan yutuqlarimiz bilan toʻxtab qolmadik. Mehnat huquqlaridan xabardorlikni oshirishga qaratilgan ishlar orqali fikrlash va xatti-harakatlarni oʻzgartirish ustida tinimsiz ish olib bordik. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlikni joriy qildik. Mehnat inspeksiyasini kuchaytirdik va umumiy jihatlarni aniqlash va yechim topish uchun fuqarolik jamiyati bilan muloqotga kirishdik.
Tadbirda soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan sohaga bozor iqtisodiyoti tamoyillarining keng tatbiq etilishi, mexanizatsiyalashtirish, mehnat sharoitlarining yaxshilanishi, ish haqining oshirilishi majburiy mehnatning oldini olishga xizmat qilganligi, asosiysi, kuchli siyosiy iroda va islohotlarga kompleks yondashuv, yaʼni iqtisodiy islohotlar qatori ijtimoiy masalalarga eʼtibor qaratilgani Oʻzbekistonda tizimli majburiy mehnatning butunlay bartaraf qilinishiga xizmat qilganligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash, sohaga oid milliy qonunchilik asoslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, birgina 2021-yilning oʻzida ushbu yoʻnalishda 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliyotni xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan samarali muvofiqlashtirilib borilayotganligi keng eʼtirof etilyapti.
Shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirok etayotganligi, ularning fikrlari hamda tavsiyalari davlat organlari tomonidan doimo inobatga olinayotganligi va bu aniqlangan muammolarni tizimli bartaraf etishda muhim oʻrin tutayotganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbirda XMT tomonidan 2021-yilda paxta-yigʻim terimi mavsumi davomida oʻtkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari haqida ham fikr yuritildi.
Xalqaro ekspertlar, xorijiy davlatlarning elchilari majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston tajribasi xalqaro maydonda tan olinayotganini, mehnat munosabatlarida xalqaro standartlarning qoʻllanilishi muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, brifingda majburiy mehnatga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbollari haqida fikr yuritildi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.