Majlisda xotin-qizlar huquqlarini kafolatlovchi yana bir qonun koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 19 Noyabr 2021 1294

    Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida “Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

    Qonun bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida” hamda “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Qonunga kiritilyotan oʻzgarishlarga muvofiq mahalla fuqarolar yigʻinlari tazyiq va zoʻravonlikka uchragan, ularga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, mazkur holatlar toʻgʻrisida tegishli ayollarni reabilitatsiya qilish
    va moslashtirish markazlari, ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor etish, mahalla hududida tazyiq va zoʻravonlik qilgan yoki qilishga moyilligi boʻlgan shaxslarni aniqlash, ular bilan olib boriladigan profilaktik ishlarda ishtirok etish vakolatlariga ega boʻladi.

    Shu bilan birga, mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Unga koʻra, endilikda mehnat organlari ish qidirayotgan va ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va kasbga yoʻnaltirish choralarini koʻradi.

    Taʼkidlanishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalari, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga keltirilgan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, bepul davolash chora-tadbirlarini amalga oshirish qonun bilan mustahkamlanmoqda.

    Qonunning qabul qilinishi ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, manzilli yordam koʻrsatish ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.