Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining qoʻshma buyrugʻi (14.07.2025-y. AV roʻyxat raqami 3647-son) bilan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha amaliy imtihondan oʻtkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha amaliy imtihonni oʻtkazish sanasi va vaqti maktab pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va hududiy kasb-hunarga oʻqitish markaziga rasman xabar qilinadi, shuningdek, imtihon boshlanishidan kamida 15 kun oldin maktabda eʼlon qilinadi.
Amaliy imtihonni oʻtkazish uchun maktab direktorining buyrugʻi bilan kamida 5 kishidan iborat tarkibda komissiya tuziladi. Har bir kasb turi boʻyicha baholash mezonlari va imtihon savollari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Amaliy imtihon 10-11-sinf oʻquvchilari tomonidan oʻrganiladigan kasb-hunar taʼlimi oʻquv dasturi asosida oʻtkaziladi. Imtihonda amaliy topshiriqni bajarish uchun har bir kasbning murakkabligi va xususiyatidan kelib chiqqan holda 120 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Komissiya aʼzolari natijalarni 100 ballik tizimda baholaydilar:
- 86-100 – «aʼlo«;
- 72-85 – «yaxshi«;
- 56-71 – «qoniqarli«;
- 0-55 – «qoniqarsiz«.
56 va undan yuqori ball toʻplagan bitiruvchi amaliy imtihonni topshirgan hisoblanadi.
Oʻquv yili davomida kasb-hunar taʼlimi bitiruvchisining choraklik baholari va amaliy imtihon natijalari (25-iyunga qadar) elektron platformaga kiritiladi. Shundan soʻng pedagogik kengash sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bitiruvchilarga sertifikat har yili 30-iyungacha, amaliy imtihonni takroran topshirgan bitiruvchilarga esa 10-iyulga qadar beriladi. Bitiruvchilar sertifikatni elektron platforma orqali bepul yuklab olishlari mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.07.2025-yildan kuchga kirdi.









