Yoz — taʼlim muassasalari uchun taʼtil mavsumi. Yil davomida sohada mehnat qilgan oʻqituvchi va murabbiylar bu davrda hordiq chiqarish imkoniga ega boʻlishadi.
Shuni hisobga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga koʻra, joriy yil 1-iyuldan 1-avgustgacha yurtimizda “Oʻqituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi oʻtkaziladi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Bu davrda mamlakatimizdagi taʼlim sohasi xodimlari — maktab oʻqituvchilari va bogʻcha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar hamda skriningdan oʻtkaziladi.
Taʼkidlash lozimki, ayni damda 10 118 ta umumtaʼlim maktabida 6,3 mln. nafardan ziyod oʻquvchiga qariyb 510 ming nafar oʻqituvchi taʼlim beradi.
Shuningdek, 29 420 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib, ularda 2,1 mln. nafar bola tarbiyalanadi.
Aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar boʻyicha davlat koʻmagida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari koʻriladi.
Buning uchun dastlab taʼlim sohasi xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent roʻyxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan soʻng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻriklar yakunida:
- hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sogʻlomlashtiriladi;
- oʻtkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi boʻgʻindagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yoʻllanmalar taqdim etiladi.
Oʻz navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan koʻriklar oʻtkaziladi.