Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 135-maktabida bolajonlarning yozgi taʼtil davrini maroqli oʻtkazishlari va rivojlanishlari uchun “SCHOOL SUNRISE” nomli bolalar sogʻlomlashtirish maydonchasi faoliyat yurityapti.

Maktabda oromgohning ikkinchi mavsumi ayni qizgʻin pallada davom etyapti. Maydoncha faoliyatini ota-onalarga tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Unda mehmonlar hududda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tumandagi Belariq MFY hududidagi ushbu maydonchada bolajonlar bir vaqtning oʻzida “Musiqa”, “Sport” “Rassomchilik” “IT-dasturlash” toʻgaraklari, “Ingliz tili”, “Layf-xak”, “Kitobxonlik” kabi turli toʻgaraklar bilan band boʻlishlari mumkin.

Eng qizigʻi, kitobxonlik toʻgaragida bolalar uchun haftaning maʼlum kunlarida yozuvchi va shoirlar ishtirokida qizgʻin suhbatlar oʻtkaziladi. Bu gal Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Nurulla Chori va Nargiza Asadova bilan “Kitob-tafakkur timsoli” nomli davra suhbati oʻtkazildi. Unda taraqqiy etgan davrda kitobning inson maʼnaviyatidagi oʻrni haqida gap bordi. Unda oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Faol oʻquvchilarga kitoblar ulashildi.

Sabohat Saidrizo,

Oʻz JOKU talabasi.