Bu jarayonda ishchi guruh tomonidan isteʼmolchilarga yonilgʻi-energetika resurslari va koʻmir mahsulotlarining oʻz vaqtida yetkazib berilishi, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, xususan, taʼlim muassasalari, madaniyat va sport obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bilan bogʻliq tadbirlarni nazorat qilish koʻzda tutilgan. Bu borada turli viloyat va chekka hududlarda ham bu kabi ishlar sezilarli darajada olib borilmoqda.

Xusucan, federatsiyaning Buxoro viloyati hududiy birlashmasi raisi rahbarligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Gʻijduvon tumani Dodarak MFYda joylashgan 36-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻrganish ishlari olib borilganida, ushbu maktabda xonalarni isitish maqsadida tabiiy gazga moʻljallangan pech oʻrnatilgani, biroq tabiiy gaz anchadan beri kelmayotgani maʼlum boʻldi. Hozir esa ushbu maktabni isitish uchun har yili majburiy tarzda 43 ming 364 kg koʻmir beriladi.

Ammo hech kim uning zararli tomonlariga eʼtibor qaratmagan. Xoʻjalik ishlari mudirining soʻzlariga koʻra, isitish maqsadida (gaz boʻlmagani sababli) har yili qoʻlbola pechlar oʻrnatiladi. Bundan kelib chiqadiki, bu yerda is gazidan zaharlanib qolish ham hech gap emas.

Tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi, masalaning ham ikkinchi tomoni bor, yaʼni bu maktab aslida “snos” roʻyxatiga tushgan, lekin uning qachon taʼmirlanishini hech kim bilmaydi. Maktab omborxonasi koʻzdan kechirilganda bu yerda koʻmir saqlash uchun yetarli sharoit yaratilmagani, berilgan koʻmir esa talabga javob bermasligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari, sport zalining tom qismi talabga javob bermaydi.

Shuningdek, sinfxonalardagi sharoit umuman qoniqarsiz ahvolda... Oʻquv partasi siniq, pol qismi betonlashtirilgan, lenoliumlar esa abgor ahvolda. Eshik va deraza romlari singan, qishda deraza tirqishidan sovuq kirmasligi uchun sellofandan foydalaniladi. Bundan tashqari, yongʻin xavfsizligi choralari koʻrilmagan, oʻt oʻchirish moslamalari bilan toʻliq jihozlanmagan.

Xulosa shundayki, sohada muammoli masalalar haligacha yechimini kutmoqda. Uni bartaraf etishga harakat qilinyapti, albatta. Muammo borligini koʻrsatish bilan ish bitmaydi. Uni bartaraf etish uchun esa aniq takliflar zarur. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan umumlashtirilgan maʼlumotnoma tayyorlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish koʻzda tutilgan.

Shahboz ABDUSATTOROV, 
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini 
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati mutaxassisi