Bugun O‘zbekistonda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish, xalqaro talablarga mos kompetensiyalarni shakllantirish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunday islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – bu pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ularni muntazam ravishda yangilanishga undovchi huquqiy va ijtimoiy mexanizmlarni mustahkamlashdan iboratdir.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha ta’limda raqobat kuchaymoqda. Yangi texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar, talabalar ehtiyojlarining o‘zgarishi o‘qituvchidan nafaqat mavjud bilim, balki doimiy o‘zgarishlarga tayyorlikni ham talab qilmoqda. Maktab o‘qituvchisi zamonaviy metodika bilan dars o‘tishi, oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi esa akademik yozuv, tanqidiy fikrlash, raqamli vositalardan foydalanish bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak. Malaka oshirish kurslari aynan shu jarayonni tizimli, ilmiy va huquqiy asosda tashkil etishga xizmat qiladi. Ular o‘qituvchilarga yangi metodikalar, interaktiv vositalar, fanlararo yondashuvlar, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha amaliy bilim beradi.

Malaka oshirish — bu nafaqat professional ehtiyoj, balki yuridik majburiyatdir. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida pedagog kadrlarga o‘z malakasini uzluksiz oshirish majburiyati yuklangan. 2020-yilgi tahrirda bu norma aniq bayon etilib, malaka oshirish davlat tomonidan rag‘batlantiriladigan faoliyat sifatida e’tirof etilgan. Oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun ham xuddi shunday huquqiy mexanizmlar amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartiblarga ko‘ra, har bir oliygoh o‘zining ichki malaka oshirish rejasi asosida xodimlarini muntazam ravishda yangilanishga jalb etishi shart.

Malaka oshirish kurslari nafaqat o‘qituvchining bilimini oshiradi, balki u orqali ta’lim tizimining umumiy sifat darajasi ko‘tariladi. Ayni paytda respublikamizda 30 dan ortiq pedagogik markazlar, oliy o‘quv yurtlari huzuridagi malaka oshirish bo‘limlari va nodavlat o‘quv markazlari faoliyat yuritmoqda. Onlayn platformalar, masofaviy ta’lim modullari orqali yurtimizning eng chekka hududlaridagi o‘qituvchilar ham malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ta’limda islohotlar samarasi — o‘qituvchi salohiyati bilan belgilanadi. Shu sababli malaka oshirish kurslariga ishtirok etish o‘qituvchi uchun nafaqat kasbiy rivojlanish, balki konstitutsiyaviy va qonunchilikka asoslangan ijtimoiy mas’uliyatdir. Shunday ekan, pedagog sifatida o‘z ustida ishlash, yangilikka ochiq bo‘lish, zamonaviy talablarga moslashish — nafaqat shaxsiy yutuq, balki butun ta’lim tizimining yuksalishiga qo‘shilgan hissadir.

 

Ulug‘bek Yoqubov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi