Tadbirda Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov va Fargʻona shahridagi Janubiy Koreya xalqaro universiteti rektori Pak Jun Xo ishtirok etdi.

Janubiy Koreya tomonidan, shuningdek, “English Hunt” kompaniyasi rahbari, “Edulink Global” oʻquv dasturini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma loyiha konsorsiumiga rahbarlik qilayotgan Chon Rim va kompaniyaning boshqa masʼul shaxslari onlayn shaklda qatnashdi.

Pandemiya bilan bogʻliq vaziyatga qaramay, tomonlar Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim tizimida “Edulink Global” oʻquv dasturi loyihasini joriy etish boʻyicha faol ish olib borilayotganini taʼkidladi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishini kuchaytirish maqsadida 2020-yilda targʻiboti boshlangan “Sboard” taʼlim maydonchasini yaratish loyihasi boʻyicha shartnoma imzolandi.

“Sboard” loyihasi doirasida talabalar, ularning ota-onalari, oʻqituvchilar va maktabgacha taʼlim tizimi xodimlariga axborot almashish va mobil ilovalar orqali oʻquv dasturlaridan foydalanish, shuningdek, Janubiy Koreyaning ilgʻor taʼlim dasturlariga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu platforma taxminan 5 million foydalanuvchini qamrab olishi mumkin. U Yevrosiyo qitʼasi hududida taʼlim sohasidagi elektron xizmatlarning eng yaxshi taʼlim portallaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Janubiy Koreyaning “Edulink Global” konsorsiumi “Sboard” dasturini 1-sentyabr - Oʻzbekiston mustaqilligi kuni arafasida ochishni rejalashtirmoqda.