Qarorga koʻra, 2021–2022 oʻquv yilidan respublikaning barcha hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Mobil guruhlar zamonaviy talablarga javob beradigan va belgilangan normativlarga muvofiq qayta jihozlangan maxsus avtotransportlar – avtobuslar bazasida tashkil etiladi.

Bir mobil guruhdagi bolalar soni kamida 16 nafar, koʻpi bilan 30 nafar boʻlishi lozim.

Mobil guruhlarga bolalar quyidagilar asosida qabul qilinadi:

bolaning qonuniy vakillari arizasi;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari tomonidan beriladigan yoʻllanma;
bola sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma.

Mobil guruhlarda oʻquv yili har yili 2-sentyabrdan kelgusi yilning 31-mayigacha hamda yozgi sogʻlomlashtirish davri 1-iyundan 31-avgustgacha hisoblanadi.

1 smenadagi mashgʻulotlar davomiyligi 3 soatgacha boʻlishi lozim.

Mobil guruhlarda davlat maktabgacha taʼlim xizmatlari bepul koʻrsatiladi.

Mobil guruhlarning ish tartibi 1 kunda 3 smenagacha, hafta davomida 6 kungacha amalga oshirilishi mumkin.