Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan bogʻchalar rahbar va pedagoglarini ragʻbatlantirishga ruxsat etiladi

    Prezidentning tegishli Farmoniga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Shuningdek, respublikaning barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

    — barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi;

    — trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor oʻrinbosarlariga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi.

    2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham ragʻbatlantirishga ruxsat etiladi.

    2025-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim guruhlari ochiladi.