Dunyo ahli koronavirus inqirozini boshdan kechirayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimiz taʼlim tizimi ham jiddiy sinovga duch keldi. Bugungi qiyin sharoitga qaramay, davlatimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida boshlangan ezgu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, qisqa muddat ichida yurtimizda “onlayn maktab” loyihasi va masofaviy taʼlim joriy etildi. Bu jarayonda “Kundalik” tizimining amaliyotga tatbiq etilgani ayni muddao boʻldi.

— Oʻqituvchilar ishini yengillashtirish va ularning salohiyatidan oqilona foydalanish uchun kelgusi yilda taʼlimni raqamlashtirish ishlarini yakunlab, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi tizimlar joriy etiladi, — deydi Xalq taʼlimi vazirligining oʻquv jarayonini metodik jihatdan taʼminlashni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Arslonbek Rahmonqulov. — 2020-yil oxirigacha maktablarni keng polosali internet tarmogʻiga ulash darajasi 70 foizga yetkaziladi. Kelgusida barcha maktablar yuz foiz internet bilan taʼminlanadi va buning uchun davlat byudjeti mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab respublikamiz boʻylab 1200 ta maktab qogʻoz jurnal va kundaliklarsiz, faqatgina “Kundalik” tizimidan foydalangan holda faoliyat yuritmoqda. Platformada ishlash uchun internetga ulangan har qanday qurilmadan foydalanish mumkin. Kompyuter, noutbuk, planshet, smartfon shular jumlasidandir. Kundalik.com sayti TAS-IX zonasida joylashgan boʻlib, tizim bilan ishlaganda internet trafigi sarflanmaydi.

Shu oʻrinda Oʻzbekistondagi maktablar qachon yangi tizimda ishlashga tayyor boʻladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Albatta, bu respublikamizdagi barcha maktabda optik tolali yuqori tezlikdagi internet boʻlishi, informatika kabinetlari zamonaviy kompyuter texnikalari bilan taʼminlanishi, oʻqituvchi, oʻquvchi va ota-onalarda smartfon, noutbuk yoki planshetlarning mavjudligi kabi omillarga bogʻliq.

Mazkur masalalarni hal etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tegishli topshiriqlar berildi. Unga koʻra, 2021-yilgacha respublikamizdagi barcha maktab 10 megabit sekunddan kam boʻlmagan tezlik bilan optik tolali internetga ulanishi, shuningdek, Wi-Fi hududlar bilan taʼminlashi kerak.

Xalq taʼlimi vazirligi ham, oʻz navbatida, respublika boʻyicha oʻz tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchilarini elektron moslamalar bilan taʼminlash maqsadida kuni kecha “ALIF MOLIYA” MCHJ bilan memorandum imzoladi. Tomonlar xalq taʼlimi tizimi oʻqituvchilariga elektron moslamalarni sotib olish uchun muddatli toʻlovlarni taqdim etish borasida hamkorlik qiladi. Endi respublikamiz boʻyicha barcha oʻqituvchi boshlangʻich toʻlovsiz noutbuk va planshetlarni lizing asosida sotib olishi mumkin. Eng asosiysi, oʻqituvchilarga mazkur moslamalar aholiga sotilayotgan narxdan besh-yetti foiz arzon narxda yetkazib beriladi. Mahsulot xarid qilish uchun internet orqali kompaniya saytiga kiriladi va tanlanadi. Shundan soʻng texnika xaridorning uyiga yetkazib beriladi. Oʻqituvchilar nafaqat noutbuk yoki planshet, balki istalgan texnika mahsuloti (televizor, muzlatkich, changyutkich kabilar)ni boshlangʻich toʻlovsiz, besh-yetti foizlik chegirma bilan xarid qilishi mumkin.

2018-yilda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan respublikadagi umumtaʼlim maktablarining 5–11-sinf informatika kabinetlarining kompyuter texnikalari bilan jihozlanganlik holati oʻrganilganda tizim oldida amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar mavjudligi koʻrindi. Jumladan, maʼnan eskirgan kompyuter texnikalari bilan qoʻshib hisoblaganda jami 6880 ta maktabni kompyuterlashtirish kerakligi maʼlum boʻldi. Mazkur ehtiyojni hal etish uchun 2025-yilgacha moʻljallangan reja ishlab chiqilib, uni amalga oshirishga kirishildi. Keng koʻlamdagi bu ishni bajarish uchun xorijiy banklarning kredit va grantlari jalb etildi. Eksimbank kreditlari evaziga 2019-2020-yillar davomida 2859 ta hamda Jahon banki granti evaziga 124 ta — jami 2983 ta maktabning 5–11-sinf informatika kabinetlari toʻliq kompyuter texnikalari bilan jihozlandi. Bu koʻrsatkich belgilangan umumiy rejaning 30,2 foizini tashkil etadi.

Shu kunlarda “Facebook”, “Telegram”, “Instagram”, “Youtube” sahifalarida oʻzini “Kundalik rasmiy sahifalari” deb atayotgan qalbaki akkauntlar paydo boʻla boshladi. Mazkur akkauntlar taqiqlangan axborot tarqalishiga, login va parollar oshkor boʻlishiga, mavjud boʻlmagan xizmatlarning sotilishiga olib kelishi mumkin. Bu soxta rasmiy sharhlar va xabarlar tekshirilmagan va xato maʼlumotlardan iborat.

Faqat quyidagi rasmiy kanallar orqali “Kundalik”ning rasmiy xabarlarini kuzatib borish tavsiya etiladi:

https://www.facebook.com/KundalikUzbekistan

https://t.me/kundalik_com

https://www.instagram.com/kundalikcom

https://mover.uz/channel/kundalikcom

https://www.youtube.com/channel/UCXEyWtrq2E7ZQ3D8tiOmCZ

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri