Maktablarda kuzgi taʼtil qachondan boshlanishi maʼlum boʻldi

    Maktab oʻquvchilari uchun kuzgi taʼtil 6 kalendar kuni, qishki taʼtil 14 kalendar kuni, bahorgi taʼtil 7 kalendar kuni, yozgi taʼtil esa oxirgi bosqich nazorat sinovi oʻtkazilgan kundan (bosqichli nazorat oʻtkazilmaydigan sinflar uchun oʻquv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha berilishi belgilangan.

    Bu haqda “Xalq taʼlim info” xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Maktab oʻquvchilari uchun I chorakning soʻnggi kuni 2-noyabrga toʻgʻri kelib, 4-noyabr kuzgi taʼtilning ilk kuni hisoblanadi. Taʼtil 6 kalendar kun, yaʼni 9-noyabrgacha davom etadi. II chorak esa 11-noyabrdan boshlanadi.Vazirlar Mahkamasining 2017-yildagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, oʻquvchilar uchun taʼtil kunlari quyidagicha belgilangan.

    1-sinf oʻquvchilari uchun fevral oyi davomida qoʻshimcha bir haftalik taʼtil belgilanadi.

    Maʼlumot uchun: taʼtilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, dars mashgʻulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.

    Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga toʻgʻri kelib qolgan dars mashgʻulotlarining mavzulari oʻquv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashgʻulotlarida oʻtkaziladi.