Qayd etilishicha, joriy yilda barcha umumtaʼlim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari oʻtkaziladi.
Imtihonlar oʻquvchilarning sogʻligini himoyalash va karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazilishi nazoratga olinadi.
Jumladan, imtihonlar oʻtkazilishidan oldin taʼlim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, oʻquvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati oʻlchalanadi va oraliq masofani saqlashlari taʼminlanadi.
26-maydan- 2-iyunga qadar 5,6,7,8 va 10-sinf oʻquvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari, 26-maydan 15-iyunga qadar 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari ogʻzaki, yozma hamda test sinovlari shaklida oʻtkaziladi.
Har bir maktabda imtihonlar boshlanishidan kamida 10 kun oldin imtixon oʻtkazish jadvali barcha uchun koʻrinadigan joyiga osib qoʻyiladi.
Imtihon savollari va materiallari mutlaqo bepul. Imtihon biletlari va namunaviy savollar Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy telegram kanali @uzedu joylashtirilgan.