Vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilishicha, ayni paytda respublikadagi barcha umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning darslarga qatnashishi va fanlarni oʻzlashtirish baholari “e-maktab.uz” elektron jurnal tizimi orqali yuritib kelinmoqda. Ushbu tizim oʻqituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, oʻquv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida tatbiq etilgan boʻlib, xalqaro tajribada ham oʻz samarasini koʻrsatgan.

Maʼlumotlarga koʻra, ota-onalar uchun “e-maktab.uz” platformasidan foydalanishning bir kalendar yillik obuna narxi hozirda 5 ming soʻmni tashkil etadi. Qayd etilishicha, mazkur toʻlov miqdori yildan yilga kamayib bormoqda (2020-yilda 9 200 soʻm boʻlgan).

Elektron tizim joriy etilgani natijasida ota-onalar farzandlarining oʻquv jarayoni va baholarini masofaviy kuzatish imkoniyatiga ega boʻldi, oʻquvchilarni baholashda shaffoflik taʼminlandi hamda pedagoglar faoliyatidagi qogʻozbozlik sezilarli darajada qisqardi.

Shu bilan birga, vazirlik maktablarda anʼanaviy kundaliklar va sinf jurnallariga qaytish boʻyicha hech qanday koʻrsatma berilmaganini taʼkidladi. Qayd etilishicha, yurtimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari ortga qaytmas xususiyatga ega.