Maktablarda yangi yil bayramini nishonlash bilan bog'liq ayrim cheklovlar joriy qilindi

    Ta'lim 20 Dekabr 2021 7660

    Respublika maxsus komissiyasining yigʻilish bayoni hamda Xalq taʼlimi vazirligining tegishli buyrugʻiga asosan joriy yilda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida taʼlim muassasalari hududida yangi yil bayramini rejalashtirish va oʻtkazish mumkin emas.

    Shu munosabat bilan, vazirlik tomonidan umumtaʼlim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bogʻliq quyidagi holatlar taqiqlanganligini maʼlum qilamiz:

    - yuqori sinf oʻquvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bogʻliq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va oʻtkazish;

    - bayram bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazish maqsadida ota-onalardan turli xil noqonuniy pul yigʻimlarini amalga oshirish;

    - maktab foyesi va sinf xonalarini sunʼiy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (oʻquvchilar qoʻl mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).

    Istisno tariqasida boshlangʻich sinf oʻquvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, oʻz sinf xonalarida, dars mashgʻulotlariga xalaqit bermagan holda bayram tadbirlarini oʻtkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat beriladi.