Joriy yil 9-noyabrda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida KEI Advanced va Digital Knowledge kompaniyalari vakillari bilan Oʻzbekiston maktablarida matematik va tabiiy fanlar savodxonligini oshirish boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) qoʻllovi bilan amalga oshiriladigan ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistonda Yaponiya uslubidagi akademik yutuqlar testi (matematika) modelini joriy etish hamda xususiy biznes sektori tomonidan ishlab chiqilgan akademik baholash testi orqali global standartdagi akademik baholash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Test natijalari orqali har bir oʻquvchi uchun yondashuvning alohida metodlari ishlab chiqilib, ularning oliy taʼlim bilan qamrab olinishi hamda akademik salohiyatini oshirish maqsad qilingan. Bu esa hududlar oʻrtasida taʼlim sifati koʻrsatkichlari boʻyicha tafovutni yoʻqotish va oʻquvchilarning muammolarni bartaraf etishda olingan bilimlarni qoʻllash koʻnikmasini oshirishga xizmat qiladi.

Oʻz navbatida KEI Advanced kompaniyasi ijrochi direktori Hiromitsu Sakata JICA loyihasi doirasida Oʻzbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, Digital Knowledge kompaniyasi vakili Yosuke Saito maktablarda taʼlim sifatini baholash va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha Yaponiya tajribasi hamda ushbu tajribani Oʻzbekistonga tatbiq qilish boʻyicha oʻz tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Muhokamalar yakunida umumtaʼlim maktablarida matematik va tabiiy fanlar savodxonligini oshirish boʻyicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, bu yoʻnalishda maʼlumotlarni muntazam tarzda almashib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.