Farzandlarimizning kelajakda yetuk va dunyo talablariga mos kadrlar bo‘lib kamol topishida o‘quvchilarning maktab dasrlarida olayotgan bilim va ko‘nikmalarining o‘rni katta. Shu ma’noda xalqaro tajribaga asoslangan ta’limning yurtimiz maktab o‘quv jarayonlariga tatbiq etilishi bugungi kunning muhim talablaridan biridir.

“Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy ta’lim” shiori ostida o‘tkazilayotgan hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining xalqaro standartlar asosida ta’lim olishiga qaratilgan o‘quv jarayonlarida ekspert-trenerlar mavzuning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqda.

Aytilganidek, dars jarayonlari 15 nafar pedagoglardan iborat 4 guruhda tashkil etilib, ular quyidagi guruhlardan tashkil topgan:

Tasviriy san’at fani o‘qituvchilari;
Texnologiya fani o‘qituvchilari;
Musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari;
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari.

O‘zaro muloqot va o‘quv-seminar tarzida o‘tkazilayotgan malaka oshirish darslarida ishtirokchilar keltirib o‘tilgan fanlar bo‘yicha o‘quv dasturi mazmuni, o‘quv jarayonida elektron va raqamli resurslardan foydalanish, o‘qitish metodikasiga doir o‘z bilimlarini boyitib borishmoqda.

Shuningdek, joriy to‘rtta fan bo‘yicha o‘quv jarayonlariga kiritilayotgan darsliklar va o‘qituvchi kitobi mazmuni, uni pedogogik jarayonlarga tatbiq etish xususiyatlari, elektron dasturlardan keng foydalanish bo‘yicha maktab rahbarlari va o‘qituvchilarning bilimlari oshirilmoqda.

Ta’kidlanganidek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan elektron darslik va dasturlar, bolalarni muammoni hal etish va zarur xulosaga kelishga undovchi turli o‘yin shaklidagi metodik ishlar mazkur xalqaro ta’lim yo‘nalishining asosini tashkil etadi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarning ichki imkoniyatlari va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga mo‘ljallangan pedagogik usullar, zamonaviy axborot texnologiyalarining maktab darslaridan keng foydalanishi o‘quv darslarining yanada qiziq va foydali o‘tishiga turtki beradi.

O‘quv darslarida qatnashayotgan 14 ta maktabning 60 nafar rahbar va pedagog-o‘qituvchilari malakali trener va ekpertlar ishtirokida o‘z malakalarini oshirishmoqda.

Malaka oshirish darslari 2022-yil 15-dekabrga qadar davom etadi.