Elektrotexnika yoʻnalishida 2021-yilda mamlakatimizda umumiy qiymati 152 million dollarlik yangi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushgan boʻlsa, buning natijasida 3200 ortiq yangi ish joylari yaratildi. Bu oʻz navbatida ishlab chiqarishga yuqori bilimli, muhandis-texnologlar, loyihalovchi dasturlash mutaxassislari, avtomatik boshqaruv bilan ishlaydigan zamonaviy IT mutaxassis kadrlarga boʻlgan talab katta ekanligini koʻrsatmoqda.
2025-yilga kelib qoʻshimcha ishchi kasblarga boʻlgan ehtiyoj 18 ming nafarga yetadi. Shundan, 14 ming nafari oʻrta maʼlumotga ega mutaxassislar hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham sohaga malakali mutaxassislarni yetkazib berishning yangicha tizimini yoʻlga qoʻyish ustida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi bilan koʻpgina mamlakatlarda oʻz samarasini bergan “Dual taʼlim” dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tajribalar oʻrganilmoqda. Shuningdek, umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari uchun elektrotexnika sohasi boʻyicha maxsus toʻgarak mashgʻulotlari, ularda bu kasbga bolalikdan mehr uygʻotish maqsadida elektrotexnika sohasidagi korxonalarga “sanoat turizmi” tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizning eng chekka Nukus va Xorazm, Fargʻona va Namangan viloyatlarida faoliyat olib borayotgan korxonalarda ishlab chiqarish yoʻnalishidagi mutaxassislarga talab yuqoriligi bois, oʻsha hududlarda tashkil qilinayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarida payvandlovchi, elektrik, elektromontyor, operator, elektromexanik, maishiy texnikalarga xizmat koʻrsatuvchi ustalarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻqishlar tashkil qilinmoqda. Bu markazlarga korxona talabidan kelib chiqib, oʻqish istagini bildirgan yoshlar kasbga oʻqitilmoqda.