Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

➖ Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qoʻshimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari;

➖ 864 ta fuqarolar yigʻinlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari boʻyicha mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari;

➖ vazirlik va idoralar tasarrufida boʻlgan 18 ta professional taʼlim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish kurslari.

Qarorga koʻra, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamda maskanlarning oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari maqomi boʻyicha professional taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga tenglashtiriladi.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9–11-sinf oʻquvchilarini asosiy taʼlim jarayonlaridan boʻsh boʻlgan vaqtlarida kasb-hunarga oʻqitish tartibi joriy qilinadi.

Qaror bilan:

bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga oʻqitish va kasbiy malakani rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilindi;

Kasb-hunarga oʻqitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi.

Shuningdek, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi.

2022-yil 1-martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videooʻyinlar yaratish yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi.

2022-yil 1-yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi.

Kooperativlarga aʼzo boʻlgan har bir ish bilan band boʻlmagan fuqaro uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.