Malayziya aviakompaniyasi bilan muntazam parvozlar yoʻlga qoʻyiladi

    Turizm qoʻmitasida “AirAsia X” aviakompaniyasi raisi Datuk Kamaruddin Meranun va kompaniya direktori Benyamin Ismoil boshchiligidagi Malayziya delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazildi.

    Tomonlar joriy yil oktyabr oyidan boshlab haftasiga uch marta amalga oshirilishi moʻljallangan Kuala-Lumpur — Toshkent — Kuala-Lumpur yoʻnalishi boʻyicha muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, hamkorlikni kengaytirish va uchinchi mamlakatlarga bogʻlovchi parvozlarni tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv qatnashchilari Malayziyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirish, xususan “Umra+” dasturi doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Muhokamada Oʻzbekiston turoperatorlari vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Malayziya tomoni taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston oʻzining tarixiy merosi va diniy anʼanalari tufayli malayziyalik sayyohlar orasida tobora koʻproq qiziqish uygʻotmoqda. Aholisining aksariyati musulmonlardan iborat boʻlgan Malayziya Oʻzbekistonni nafaqat madaniy yoʻnalish, balki ziyorat marshrutlarining muhim qismi sifatida ham koʻrmoqda.