Uchrashuv davomida Milliy turizm yagona platformasi bilan Mobiuz raqamli xizmatlarini integratsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Mazkur hamkorlik sayyohlarga O‘zbekistonda bo‘lish davrida zamonaviy raqamli xizmatlardan tezkor va qulay foydalanish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi. 

Tomonlar Milliy turizm yagona platformasi orqali xorijiy sayyohlar uchun bepul internet paketiga ega eSIM xizmatini taqdim etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldilar.

Bundan tashqari, tomonlar ichki turizmni Mobiuz raqamli platformalari orqali targ‘ib qilish, turistik mahsulot va xizmatlarni keng ommaga yetkazish, respublika va xalqaro miqyosda tashkil etiladigan turizm ko‘rgazmalari, forumlar, festivallar hamda boshqa yirik tadbirlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, texnik masalalarni birgalikda ishlab chiqish va loyihalarni izchil amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi va Mobiuz o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.