1-mart kuni Indoneziyaning Kuala-Lumpur shahridagi “Malayziya Islom sanʼati” muzeyida “Oʻzbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi” fotokoʻrgazmasi ochiladi.

Koʻrgazmada soʻnggi ikki ming yil davomida hozirgi Oʻzbekiston hududida rivojlangan Islom tarixi, madaniyati va turli tamaddunlarga xos osori atiqalar, qadimiy va boy madaniy meʼros durdonalarining suratlari va maʼlumotlari namoyish etiladi. Shuningdek, Islom dinining Markaziy Osiyoda tarqala boshlaganidan to hozirgi kunga qadar fan, taʼlim va arxitektura sohalariga qoʻshgan hissasi ham oʻz ifodasini topadi. Koʻrgazmaga aksariyat suratlar Islom dini hamda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Nasaf va Termiz kabi qadimiy shaharlarning mushtarakligini vizual tarzda aks ettiradi.

Qayd etish joizki, koʻrgazmaga tashrif buyurganlar Buyuk Ipak yoʻlidagi oʻzaro madaniy aloqalar, ming yillik Movarounnahr diyori, oʻzbek xalqining qadimiy tarixi va madaniyati, sanʼati, meʼmorchiligi, urf-odatlari, turmush tarzining barcha jabhalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishadi.

Tadbirdan maqsad – Malayziya fuqarolarini mamlakatimizning madaniy va turizm salohiyati hamda jozibardor madaniy meʼrosi bilan yaqindan tanishtirish hamda ushbu mamlakatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini yanada oshirishdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi tomonidan Malayziya Islom sanʼati muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan koʻrgazma 27-aprelga qadar davom etadi.

Malayziya Islom sanʼati muzeyi 1998-yilda tashkil etilgan. U Janubi-Sharqiy Osiyodagi Islom sanʼati va tarixiga bagʻishlangan eng katta muzey hisoblanib, maydoni 30 ming kv. metrni tashkil etadi. 2022-yilda muzeyga 120 mingga yaqin ziyoratchi tashrif buyurgan.