Davlatimiz rahbari bu borada Bekobod tumani Mallaboy mahallasidagi xonadonlar tomorqadan unumli foydalanib, erishayotgan natijalar, hokim yordamchisi yo'lga qo'ygan ijobiy tajribani alohida namuna qilib ko'rsatdi.

Mallaboydan qolgan “meros”

Mallaboy mahallasi muvaffaqiyati siri nimada ekani, bunday natijalarga qanday erishilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida Bekobod tumaniga yo'l oldik.

Dastlab bu yerda umrguzaronlik qilayotgan piru badavlat otaxonu onaxonlardan mahallaning tarixi, nega uning Mallaboy deb nomlanishi haqida so'radik.

— Mallaboy mahallasi o'ziga xos tarixga ega, — deydi mehnat faxriysi Shodmon ota Soliyev. — Bir paytlar, aniqrog'i, o'tgan asrning 20-yillarida mahalla o'rnida qamishzor, chakalakzor, botqoqlik bo'lgan. Keyinchalik bu yerga Mallaboy ismli odam ko'chib kelib, turar joy qurgan, yerga ishlov berib, dehqonchilik qilgan. Sobiq ittifoq davrida bu yerga vodiy tomondan quloq qilingan bir guruh boylar va boshqa fuqarolar kelib joylashgan. Shu tariqa hudud dehqonlar mehnati, omilkorligi evaziga obod go'shaga aylangan. Halol mehnat qilib, rizq-nasiba topish qon-qoniga singib ketgan, uddaburon mallaboyliklar ota-bobolari izidan borib, bugun ham mo'l-ko'l hosil etishtirmoqda. Shu tufayli mahalladagi har bir oilaning ro'zg'ori but, turmushi farovon.

Ha, 532 ta xonadonda qariyb 3 ming kishi yashaydigan Mallaboy mahallasi bugun tom ma'noda obod va fayzli. Mahallada 540 o'rinli maktab, 94 o'rinli maktabgacha ta'lim tashkiloti mavjud. Savdo va xizmat ko'rsatuvchi 14 ta kichik biznes sub'yekti faoliyat ko'rsatmoqda.

So'nggi yillarda mahallada keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Xususan, yaqinda mahalla fuqarolar yig'inining yangi binosi barpo etildi. Maktab uchun qo'shimcha ikki qavatli bino qad rostladi, bolalar bog'chasi investitsiya dasturiga asosan qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Ichki yo'llar asfalt qilindi.

Halol mehnat bor joyda rizq va baraka bo'ladi

Keyingi 5-6 yilda mahallada issiqxona xo'jaliklari soni ko'paydi. Bu esa, o'z navbatida, aholini qishin-yozin meva, sabzavot, poliz ekinlari bilan ta'minlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, qolaversa, yangi ish o'rinlari yaratish imkonini bermoqda.

— Avvallari mahalladagi 4-5 ta xonadondagina issiqxona bor edi, — deydi mahalla oqsoqoli Abdullajon Sirojiddinov. — Issiqxona tomorqada ekin etishtirishga qaraganda ancha samarali ekanini, undan ko'proq daromad olish mumkinligini ko'rgan boshqa fuqarolar ham issiqxona qurishga qiziqib qoldi. Issiqxonasi bor odamlardan kerakli yo'l-yo'riq, maslahat olib, o'z biznesini yo'lga qo'ya boshlashdi. Bugun mahallamizdagi 98 foiz xonadonda issiqxona bor. Ularda baqlajon, pomidor, bodring, karam, bulg'or qalampiri kabi sabzavotlar, limon va mandarin yetishtirilmoqda. “Mallaboy tajribasi” ommalashib, hatto qo'shni Nazarboy, Mustaqillik, Gulzor mahallalarida ham issiqxonalar qurila boshlandi. Mahalla ahli juda mehnatkash. Ular nafaqat issiqxona ishi bilan mashg'ul, balki fermer xo'jaliklari hamda klasterlarga tegishli dalalardan ikkinchi hosil uchun er olib, dehqonchilik, pillachilik, chorvachilik bilan shug'ullanadi. Shundanmi, mahallamizda bekorchi odam yo'q, hamma doimiy ish bilan band.

Mahalladagi 26 ta oilaning 108 a'zosi “Temir daftar”ga kiritilgan edi. Bugungi kunda aholining o'z tomorqasidan unumli foydalanib, tadbirkorlikni yo'lga qo'yishida ko'rsatilayotgan ko'mak tufayli 24 ta oilaning 95 a'zosi mazkur ro'yxatdan chiqarildi.

Ikki nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgandi, hozirgi kunda ular ish bilan ta'minlandi. 85 nafar ayol “Ayollar daftari” ro'yxatida edi, ularning 12 nafariga bir martalik moddiy yordam ko'rsatildi. 40 nafariga yer berildi. Ikki nafariga 33 million so'mdan kredit ajratildi, bir nafariga esa subsidiya asosida issiqxona qurishda yordam ko'rsatildi.

Hokim yordamchisi — mahallaga ko'makchi

Bundan 5 yil avval mahallada 16 ta oilaning issiqxonasi bo'lgan, so'nggi ikki yilda 300 ga yaqin aholi o'z tomorqasida issiqxona tashkil etdi. Bugun 532 ta xonadonning 502 tasida meva-sabzavot yetishtirishga moslashgan issiqxonalar mavjud.

Yurtimizning har bir mahallasida hokim yordamchisi faoliyati yo'lga qo'yilgani allaqachon o'z samarasini bermoqda. Ular aholini tadbirkorlik, dehqonchilik, tomorqachilikka jalb qilib, bandlikni ta'minlash, turmush farovonligini oshirish va kambag'allikni qisqartirishga ko'maklashmoqda.

— Ochiq joydagi 10 sotix tomorqadan bir yil davomida 3 marta hosil ko'tarish hisobiga 75-80 million so'm daromad olinmoqda, — deydi Mallaboy mahallasidagi hokim yordamchisi Javlon Musayev. — Yetishtiriladigan mahsulot hajmi yiliga har oilaga 9,7 tonnani tashkil etmoqda. Aholi ilgari mahsulotini sotish uchun bozorma-bozor sarson bo'lib yurgan bo'lsa, endi Rossiya va Tojikistonga mahallamizning o'zidan eksport qilinyapti. Tumanda “Mallaboy tajribasi”ni yaratish maqsadida imtiyozli kredit asosida 4 sotixli issiqxonalar tashkil etilib, dehqonchilikda tajribasi bo'lgan 50 ta oilaga taqsimlandi. Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida mahallamizdagi 89 ta oilaga unumdor yerlardan ajratib berdik. Aytish joizki, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli odamlar tomorqadan yaxshi daromad olishni boshladi. Ularning yerga mehri oshdi.

Mahalla ahli ahil-inoq, tinch-totuv hayot kechirmoqda, ular bir-biri bilan og'a-ini, opa-singilday bo'lib ketgan. Shuning uchun oilaviy ajrim, jinoyatchilik yo'q. Bizningcha, bu odamlarning mehr-oqibatli, hammaslak ekani, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishi, bir-biridan o'z yordamini ayamasligi tufaylidir.

— Mehnat qilgan odam hech qachon kam bo'lmaydi, — deydi Shohista Mahmudova. — Buni o'z hayotim misolida ko'ryapman. Uyimizda 14 sotix issiqxona qurganmiz. Nafaqaga chiqqandan keyin issiqxonada dehqonchilik qila boshladik. Oldin asosan chorvachilik va parrandachilik bilan shug'ullanganmiz. Har yili birinchi ekinga baqlajon, ikkinchi ekinga pomidor ekamiz. Birgina baqlajondan bir mavsumda o'rtacha 30 million so'mdan ortiq daromad topamiz. Ekinlar tomchilatib sug'oriladi, bu suvni tejash imkonini beradi. Chorva, parranda ham boqamiz. Go'sht, sut-qatiq, sariyog', tuxum o'zimizdan chiqadi. Tomorqachilik, chorvachilik, parrandachilikdan yaxshi daromad ko'rganimiz uchun uy qurdik, mashina oldik, to'ylar qildik. Mehnatning tagi rohat, deb shuni aytishadi-da.

Tomorqadan samarali foydalanish bugun tumanda “Mallaboy tajribasi”, deb atalmoqda. Bu mazkur mahalla uchun har jihatdan munosib e'tirof ekaniga ushbu maskanga tashrifimiz mobaynida amin bo'ldik. Endi Mallaboy mahallasi tajribasi mamlakatimiz bo'ylab keng yoyiladi.

Shahzod G'afforov,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri