Davlat xizmatlari agentligi «qo‘li» qaysi xizmat turiga tegmasin, albatta bu yo'nalishda qulayliklar yaratilib, xizmat olish muddati va to'lovlar qisqarishiga erishiladi.

Kuni-kecha esa Vazirlar Mahkamasining Davlat xizmatlari agentligi va kadastr tizimi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan navbatdagi hujjati tasdiqlandi.

Yangi qaror bilan bir qator xizmatlar olish tartibi soddalashtirilmoqda. Bular:
- kadastr pasporti;
- fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma'lumotnoma olish;
hamda
- ipoteka shartnomalarini;
- ko'chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini;
- er uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqini (servitut) ro'yxatdan o'tkazish davlat xizmatlari.

Keling, o'zgarganini ko'rib chiqamiz.

Avval ushbu hujjatlarni olish uchun faqatgina ko'chmas mulk joylashgan kadastr bo'limiga murojaat etish kerak bo'lgan. endi esa, Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan aksariyat xizmatlar singari eksterritorial tartibda olish imkoni yaratilgan. Xizmatni, shuningdek elektron ravishda my.gov.uz portali orqali olish ham mumkin.

Bundan tashqari, xizmat olishning aniq tartibi bo'lmagani bois, xodimlar o'zlari istagan vaqtda ko'rsatishi mumkin edi. Yangi tartibga ko'ra esa kvartira uchun kadastr pasportini – 3 ish kunida, hovli uchun – 5 ish kunigacha olish mumkin.

Kadastr (yig'majildi) pasporti yo'qolganda (yaroqsiz holga kelganda), qog'oz yoki plastik shaklda yangi kadastr pasporti 2 ish kuni mobaynida beriladi.

Ko'chmas mulk ob'ektlarining noturar joyga oid qismi bo'yicha hujjat, maydoniga qarab 5 ish kunidan 25 ish kuniga qadar bo'lgan muddatda tayyor bo'ladi.

Avvalgi tartibning yana bir jihati aholining ko'p norozichiliklariga sabab bo'lgan. Boisi, ko'chmas mulk ob'ektiga bo'lgan huquq turi yoki egasi o'zgarganda, lekin ob'ektning texnik parametrlari o'zgarmagan taqdirda ham majburiy ravishda kadastr pasportini qayta rasmiylashtirish kerak bo'lardi. Bu esa fuqarolar tomonidan 2 marotaba mablag' sarflanishiga (kadastr pasporti va reestrdan ko'chirma olish) sabab bo'lgan. Bu tartib bekor qilinmoqda.

Shuningdek, yangi tartibga ko'ra, ko'chmas mulk ob'ekti egasi o'zgarganda, kompozit xizmatdan foydalanib, bir ariza bilan reestrdan ko'chirma va kadastr pasportini bir vaqtda olish imkoni yaratiladi.

Yana bir ajoyib yangilik — fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma'lumotnomani olish muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqardi. Ma'lumotnoma olish narxi esa qariyb 38 ming so'mga kamayib (bazaviy hisoblash miqdorining 20 %dan 3 % ga), bugungi kunda 6 690 so'mni tashkil qiladi, avval 44 690 so'm edi.