Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 18 million nafardan ziyod. Shundan 648 ming nafari ishsiz, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan boʻlsa, joriy yilning birinchi choragida 283 ming yoshning bandligi taʼminlangan.
Qaror bilan tasdiqlangan Davlat dasturida 2021-yilda 457 ming 400 ta doimiy yangi ish oʻrni yaratish nazarda tutilgan. Jumladan, birgina Toshkent shahrida 60 mingga yaqin yangi ish oʻrni ochiladi.
Hujjatda aynan doimiy ish oʻrinlari haqida soʻz bormoqda. Chunki ayrim joylarda ish joylari yaratilib, bir-ikki oydan keyin yopilib ketishi kuzatilyapti. Endi bunday holatlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Yangi ochilayotgan ish joylarini yopish uchun javobgarlik va masʼuliyat belgilanmoqda.
2021-yilda 1-iyulga qadar yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qoʻmitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi orqali monitoring qilishga moʻljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi. Shuningdek, vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha yangi tizim yaratiladi.
Shu bilan birga, “Barcha uchun ish” tamoyili asosida 2021-yil 1-noyabrga qadar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni ishga tushiriladi.