Oʻzbekistonda ilk bor iqtisodiyot assambleyasi tashkil etildi

    Davlatimiz iqtisodiyoti va biznes olami uchun yangilik boʻlgan mazkur assambleya oʻzida 12 ta mahalliy ilgʻor assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtiradi.

    Tashkilotning asosiy maqsadi — respublikamiz iqtisodiy hayotidagi islohotlarda, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini taminlash. Shuningdek, ularning mahalliy hamda xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga yetkazishda koʻmaklashishdan iborat. Assambleya qoshidagi xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha biznes akademiya, xalqaro bozorlarga chiqishga moʻljallangan elektron platforma hamda IT boʻlimlari oʻz yoʻnalishi doirasida tadbirkorlarga xizmat koʻrsatadi.

    Assambleya dasturida xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro koʻrgazma va biznes forumlar tashkil etish boʻyicha faoliyat olib borishi ham belgilangan. Bundan tashqari, milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish uning faoliyat doirasiga kiradi.

    Iqtisodiy tashkilot mamlakatga investitsiyalar jalb qilish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun xorij bozorlarini muntazam oʻrganadi va tahlillar olib boradi. Va bir vaqtning oʻzida hamkor davlatlarda oʻzbek mahsulotlari uchun shou-rumlar tashkil etish bilan shugʻullanadi.

    Eslatib oʻtamiz, tashkilot 2021-yil 10-fevral kuni 970-son tartib raqami bilan Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.