Mamlakatimiz investitsiya faoliyati iqtisodiy rivojlanishning qaysi qirralarida aks etdi

    Investitsiyalar 30 Oktabr 2020 2066

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligida soha faoliyatining 2020-yil yanvar-sentyabr oylari yakunlari sarhisob qilindi.

    Joriy yil yanvar- sentyabr oylarida boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasida chet el investitsiyalarining umumiy oʻzlashtirilgan hajmi 7,2 milliard dollarni, (shundan asosiy kapitalga – 5,7 milliard dollar) shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 4,8 milliard dollar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining mablagʻlari – 2,3 milliard dollarni tashkil etdi.

    Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar boʻyicha tarmoq korxonalari tomonidan 1,8 milliard dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirildi, shundan asosiy kapitalga 1,3 milliard dollar, (oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davriga nisbatan — 126%), hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 3,1 milliard dollar, shundan asosiy kapitalga 2,5 milliard dollar oʻzlashtirildi (oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davriga nisbatan — 93%).

    Hisobot davri yakunlari boʻyicha xorijiy investorlar uchun eng jozibador elektrotexnika tarmogʻi (oʻsish — 2019-yilning shu davriga nisbatan 25 barobar), AKT sohasi (oʻsish — 3,6 barobar) va kimyo sanoati (oʻsish — 1,2 barobar) boʻldi. Hududlar kesimidagi koʻrsatkichlar koʻrib chiqilganda, Surxondaryo (1,1 barobar), Navoiy (1,7 barobar) va Namangan viloyatlariga (1,3 barobar) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻsishining yuqori dinamikasi kuzatildi.

    Investitsiya faoliyati koʻrsatkichlarining sezilarli oʻsishi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan Oʻzbekistonga ajratiladigan mablagʻlar oqimining koʻpayishi bilan ham bogʻliq boʻlib, ularning asosiy qismi Yaponiya hukumatining moliya tashkilotlari — JICA, JBIC (umumiy hajmga nisbatan 20% yoki 470,8 million dollar), Osiyo taraqqiyot banki (16,6% yoki 380,0 million dollar), Jahon banki (11,2% yoki 256,8 million dollar), Islom taraqqiyot banki (3,6% yoki 81,2 million dollar) va boshqalarga toʻgʻri keladi.

    Ushbu mablagʻlar neft-gaz sanoati (884,3 million dollar), qishloq va suv xoʻjaligi (461,9 million dollar), kimyo sanoati (272 million dollar), energetika (205,7 million dollar), transport-logistika sektorlari (171 million dollar), sogʻliqni saqlash (70,0 million dollar) va taʼlim sohasidagi (32,4 million dollar) loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirildi.

    Hisobot davrida jami 3,3 milliard dollarlik 65 ta yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi yakunlandi, buning hisobiga 13 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Taxiatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatga ega ikkita parogaz qurilmalarini qurish” loyihasi, Navoiy viloyatida “Navoiazot” AJ negizida azot kislotasi ishlab chiqarilishi, Toshkent shahrida “Texnopark” MCHJ va uning shoʻba korxonalarida 62,1 million dollarga maishiy muzlatgichlar ishlab chiqarish, 466,1 million dollar miqdorida yer usti metro qurilishi (1-Faza), 103,8 million dollarlik Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasi ikkinchi bosqichining qurilishi, Jizzax viloyatida esa 150 million dollarlik “Xuasin Sement Djizak” MCHJda sement ishlab chiqarilishi boʻyicha loyiha.

    Umuman olganda, 2020-yil oxiriga qadar 10,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan, shulardan asosiy kapitalga – 9,2 milliard dollar, bunda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmi 7,0 milliard dollarni, shundan 6,6 milliard dollarni — asosiy kapitalga (2019-yil yakunlariga nisbatan 102%) investitsiyalarni tashkil etadi.

    Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish maqsadida eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan joylarga chiqqan holda tadbirkorlar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlari muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilyapti. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoq vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 10,1 milliard dollarlik 206ta yirik investitsiya loyihalarning amalga oshirilishi boʻyicha maxsus monitoring olib boryapti, ularni ishga tushirilishi 30 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratishga imkon beradi. Ushbu loyihalar qatoriga qiymati 359,4 million dollarlik Toshkent metallurgiya zavodini qurish (672ta ish joyi), 985,7 million dollarlik “Navoiazot” AK bazasida ammiak va karbamid ishlab chiqarishni tashkil etish (491ta ish joyi), 25,0 million dollarlik “Djizak Kenteks” MCHJda toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish (400ta ish oʻrni) va boshqalar kiradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.