Mamlakatimiz turizm sohasi vakillari Hindistonda yirik xalqaro turizm koʻrgazmasida ishtirok etyapti

    Turizm 23 Fevral 2024 1380

    Joriy yil 22-fevralda Hindistonning Katta Noyda shahrida Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasidagi eng yirik turizm koʻrgazmalaridan biri – SATTE (“South Asiaʼs Leading Travel Show”) xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

    Dunyoning 56 ta mamlakatidan eng yirik turizm kompaniyalari, transport yoʻnalishi va mehmonxona biznesi vakillarini oʻzida jamlagan koʻrgazmada Turizm qoʻmitasi va sohadagi yirik turkompaniyalardan tashkil topgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.

    Koʻrgazmaning ochilish marosimida Hindistonning turizm va madaniyat vaziri Keshan Raddi ishtirok etdi va bu tadbir butun dunyo boʻylab turli davlatlarning turizm imkoniyatlarini keng targʻib etishda hamda kelajak loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.

    Eʼtiborlisi, koʻrgazmaning dastlabki kunidayoq mamlakatimiz vakillari bir qator manfaatli hamkorliklar boʻyicha kelishuvga erishdi. Jumladan, Hindiston, Gruziya va Vetnam mamlakatlarining turkompaniyalari bilan oʻzaro sayyohlar almashinuviga doir loyihalar ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    SATTE xalqaro koʻrgazmasi 2019-yildan soʻng ilk marotaba oʻtkazilyapti.