Unda, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, Madaniyat vazirligi boʻyicha 2020-yilning asosiy natijalari hamda 2021-yilda amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar xususida OAVlariga axborot berdi.

Xususan, bugungi kunga qadar sohani yana-da rivojlantirishga qaratilgan 25 ta normativ hujjat ishlab chiqilganligi, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida “15-aprel kuni – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” etib belgilangani alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni kuni kecha Oliy Majlis Senatida maʼqullanganligi, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari uchun ijara toʻlovi 50 foizga kamaytirilgani sanʼatkorlarimiz uchun yengillik boʻlgani taʼkidlandi.

«2020-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida 8 tadan, Fargʻona viloyatida 13 ta, Toshkent shahrida 3 ta madaniyat obyekti Madaniyat vazirligi bilan kelishilmagan holda mahalliy hokimliklar tomonidan balansiga oʻtkazilib, sotuvga qoʻyib, sotib yuborilgan.

“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun boshqa idora va tashkilotlar bilan oʻrtamizdagi munosabatlarni aniq belgilab beryapti. Bundan keyin shu kabi muammolarda endi vazirlikning aniq pozitsiyasi shakllanadi.

Oʻtgan yilda eng muhim, biroq amalga oshmay qolgan masalalardan yana biri haqida toʻxtalsam. 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab, notalar toʻplami va maxsus musiqiy adabiyotlarni chop etish hamda ularning taʼlim muassasalariga toʻliq yetkazilishini taʼminlash rejalashtirilgan edi.

Vazirlik tomonidan notalar toʻplamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar loyihalari tayyorlandi, lekin moliyaviy manbasi aniqlanmagani uchun 2020-yilda bu vazifa bajarilmay qoldi. Kuni kecha Vazirlar Mahkamasida boʻlib oʻtgan muhokamalarda Bosh vazir Moliya vazirligiga topshiriq berdi, bu yil ushbu muammolarni ham bosqichma-bosqich hal qilamiz», — deydi Madaniyat vaziri.

Shuningdek Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2021-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, 2021-yildan boshlab respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida oʻtkaziladigan davlat tadbirlarining kalendar rejalarini tasdiqlash amaliyoti joriy etilgani, Madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etilgani, sanʼatkorlarni vazirlik va idoralar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarga jamoatchilik asosida jalb qilish holatlariga chek qoʻyilib, bunday tadbirlarga faqat shartnoma asosida jalb qilinishi belgilab qoʻyilgani taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali ishga tushirilishi, har bir hududda koʻchmatsirklar (shapito, dorbozlar guruhlari), hayvonot bogʻlarini hamda har bir tuman va shaharda oʻlkashunoslik muzeylarini tashkil etish ishlari amalga oshirilayotgani aytib oʻtildi

Matbuot anjumanida Ozodbek Nazarbekov 2020-yil davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda, respublikadagi mavjud pandemiya holati, zarur mablagʻlar ajratilmaganligi va boshqa obyektiv sabablarga koʻra bir qator masalalar hamda vazifalar bajarilmay qolgan ishlar xususida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.