Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi

    Mamlakatimizda 4 Iyun 2023 878

    Oʻzbekistonda oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qator tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan ozod etilmoqda.

    Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqullandi.

    Ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublariga barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) toʻlashdan ozod etishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

    Shuningdek, oʻzi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz berilmoqda.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qator tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan ozod etilmoqda.

    Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi futbol klublari faoliyatini rivojlantirishga, terma jamoalar uchun oʻquv-mashq jarayonini samarali tashkil etishga, mamlakatimizda futbol boʻyicha yirik xalqaro musobaqalarni, shu jumladan oʻsmirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari oʻrtasida jahon hamda qitʼa birinchiliklarini yuqori darajada tashkil etishni taʼminlashga xizmat qiladi.