Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants — ASSA) oʻrtasida tuzilgan memorandum doirasida maʼlumotlar almashish boʻyicha keng hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Mazkur memorandumga muvofiq ASSA tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, ASSA talabasi sifatida roʻyxatdan oʻtganlarning umumiy soni 645 tani tashkil qilib, shundan 47 nafari ASSA aʼzosi hisoblanadi.

2021-yil 21-iyunda boʻlib oʻtgan ASSA aʼzoligi doirasida oʻtkaziladigan imtihonlarga 182 nafar nomzod roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ulardan 65 nafari aynan “Moliyaviy hisobot (F7)”ga imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtgan. Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ACCA) olish doirasida oʻtkazilgan imtihonga jami – 188 nafar nomzod roʻyxatdan oʻtgan va 32 nafar nomzod muvaffaqiyatli topshirgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-yanvardagi 38-son qarori bilan tasdiqlangan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom”ga muvofiq buxgalteriya va audit sohasida oʻqiyotgan yoki faoliyat olib borayotgan talabalar, pedagog kadrlar va davlat organi xodimlariga buxgalteriya va audit sohasida xalqaro sertifikatga oʻqish va imtixondan oʻtish boʻyicha xarajatlarni qoplab berish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu loyiha doirasida bugungi kunga qadar 33 ta pedagog kadrlar va 39 ta talabalarning qariyb 247 mln soʻmga teng oʻqish va imtihon xarajatlari qoplab berildi.

Bundan tashqari, MHXS boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan “Norma” Professional rivojlanish markazi bilan hamkorlikda tashkil qilingan ifrs.academy onlayn-platformasida “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” oʻquv kursi boshlanganligini va 2025-yilga qadar har yili yangilangan holatda bepul foydalanish imkoniyati berilishini Moliya vazirligining axborot xizmati maʼlum qiladi.