Multiindikator klaster kuzatuvi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Halqaro bolalar jamgʻarmasi UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan dastur boʻlib, bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida koʻp koʻrsatkichli maʼlumotlarni yigʻadi, shu oʻrinda onalar va bolalar boʻyicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik maʼlumotlar manbaasi hisoblandi.

Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish boʻyicha Davlat statistika qoʻmitasi vakolatli davlat organi etib belgilangan. Bunda qoʻmita YUNISEF bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazishi natijasida mamlakatda onalar va bolalar turmush tarziga oid statistik maʼlumotlarni yangilashga va ularni xalqaro maʼlumot bazalarida aks ettirishga erishiladi.

MICS kuzatuvini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad aholining yashash sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, 15 yoshdan 49 yoshgacha boʻlgan ayollar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarini, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar toʻgʻrisida onalari yoki vasiylaridan olingan aniq maʼlumotlarni, aholi turmush darajasi, yashash joyi (shahar yoki qishloq) va jinsi boʻyicha toʻplangan barcha maʼlumotlarni mamlakatlar miqyosida xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi.

Indikatorlardagi asosiy koʻrsatkichlar oʻzgarishlarini yaxshiroq kuzatib borish hamda bolalar va ayollar masalalari boʻyicha dasturlarni qabul qilish jarayonida, hukumat va boshqa hamkor tashkilotlarga yanada samarali xizmat koʻrsatish imkonini beradi.

Kuzatuv jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tanlab olingan 726 ta maxallada joylashgan 14520 ta uy xoʻjaliklarida, joylarga chiqilib respondetlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali planshetlarda elektron koʻrinishda yigʻiladi.