Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etiladi

    Ijtimoiy hayot 11 Iyul 2025 918

    Qonun (OʻRQ–1075-son, 10.07.2025-y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun bilan Kodeksga ayrim huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi.

    Jumladan:

    • avtomat telefonlarni shikastlantirganlik;
    • ruxsatsiz radiouzatkich shoxobchasi oʻrnatish va (yoki) undan foydalanganlik.

    Shuningdek, ayrim belgilangan maʼmuriy huquqbuzarliklar (xususan, tuhmat, haqorat qilish va boshqalar) jabrlanuvchining huquqbuzarni javobgarlikka tortish haqidagi arizasiga koʻra javobgarlikka sabab boʻlishi belgilandi.

    Biroq, jabrlanuvchi nochor ahvolda boʻlganligi, voyaga yetmaganligi yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz huquqlarini himoya qila olmasa, vakolatli organning mansabdor shaxsi jabrlanuvchining arizasisiz ish yuritishni boshlashi shart.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.