Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoʻl harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinyapti.
Xususan, yoʻl harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish, shu jumladan haydovchilar va piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, yoʻl harakatining tashkil etilishini toʻliq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Muhokama etilgan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda hamon saqlanib qolayotgan tizimli muammolarni hal etish va aholiga qulaylik hamda qonunlarga hurmat hissini shakllantirish maqsadida oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida oʻz vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora koʻrish bilan bogʻliq yangi norma kiritilyapti.
Bunda yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar 48 soat ichida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi maʼmuriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanyapti.
Muhokama etilgan qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinyapti.
Shuningdek, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalari va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanyapti.
Qonun bilan yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmatni oʻtash vaqtida yoʻl harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning oʻzida jarima qoʻllashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinyapti.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172 sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yoʻlning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yoʻllarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishi kuzatilyapti va bu holat avtomobil yoʻllarida tirbandliklarga va avariyali holatlar sodir boʻlishiga sabab boʻlyapti.
Jumladan, 2024-yilning oʻtgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq 303 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilishi oqibatida 108 nafar fuqaro halok boʻlgan 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Aynan shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda Qonunda yuk avtomobillarida yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanganlik (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanyapti.
Shu bilan birga qoʻmita majlisida “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham koʻrib chiqildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.