Loy koʻchalar asfalt boʻldi, piyodalar yoʻlaklari qurildi, koʻp qavatli va hovli uylarning tashqi qismiga zeb berildi, har bir xonadon ichi ham taʼmirdan chiqarildi, ichimlik suv olib kelindi. Taʼlim va tibbiyot muassasalari qariyb qayta qurildi. Qishloq infratuzilmasi tubdan yangilandi.
2021-yil, aprel. Yomgʻir shigʻalab yogʻyapti. Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanidagi “Manas” qishloq fuqarolar yigʻini binosidamiz. Mahalla idorasi misoli katta uy: hammayoq choʻgʻdek gilam, xonalar shinam bezatilgan. Bizni QFY raisi oʻrinbosari Dilshod Mamatqulov qarshi oldi.
Asfalt yoʻldan mashinada ketar ekanmiz, yoʻl chetida archalar bir tekis oʻsayotgani, turfa gullar ifori dilni yayratadi.
Dilshod akaning aytishicha, Manas obod qishloq boʻlgunga qadar aholi koʻp qavatli uylar yonida mol boqqan. Atrofdagi boʻsh yerlarga xom gʻishtdan kichik-kichik molxonalar qurilgan va shu yerda aholi qoʻy-echki, sigir boqib tirikchilik qilishga majbur edi. Qishloqda boshqa ish ham boʻlmagan. Mol goʻngi hidi butun qishloqni tutib turgan, odamlar, murgʻak bolalar shunday sharoitda yashagan.
“Obod qishloq” dasturi shu yoqimsiz manzarani oʻzgartirdi. Qishloqqa tutash, dalaga yaqin joydan aholi uchun molxona qurib berildi. Bugun manasliklar chorvasini shu yerda saqlaydi. Kiraverishda uzun roʻyxat osigʻlik. Unda chorvasi bor kishilar ism-familiyasi, yaʼni navbatchilik roʻyxati. Aytishlaricha, ular navbat bilan hamma sigirlarni dalada boqib keladi.
Bir vaqtlar koʻp qavatli uylar oldida molxonalar boʻlgan, desa ishonmaysiz. Bugun ular oʻrnida qurilgan oʻyin maydonchalarida bolalar shodon oʻynab yuribdi, hovlidagi oʻrindiqlarda kayvonilar gurungi qiziydi, gullar, daraxtlar barq urib oʻsmoqda.
Manasdagi har bir xonadonda anor yetishtiriladi. Iqlimi shunga mos. Barchinoy opaning hovlisida 100 dan ziyod anor oʻsib turibdi.
– Oʻtgan yili roʻzgʻorimizdan ortgan 500 kilo anorni sotdik. Daromad yomon boʻlmadi, – dedi B.Hayitmatova. – Oldin yonimizdagi kanaldan suv ichar edik. Bugun koʻrib turibsiz, toza ichimlik suv keldi. Elektr ham oʻchmay qoldi. Shunday kunlar kelishini orzu qilardik, Allohga shukr, yetdik. Buning uchun qishloqlarni obodlashtirib, odamlarni rozi qilishga bel bogʻlagan Prezidentimizga ming rahmat, umrlari uzoq boʻlsin.
Darvoqe, Barchinoy opa “Ayollar daftari”ga kiritilgan ekan. Mahalla ahli va boshqa mutasaddi tashkilotlar koʻmagida bu oilaga moʻjazgina issiqxona qurib berilibdi. Sabzavot mahsulotlari, koʻkatlar yetilib qolibdi. Roʻzgʻordan ortgani bozorga sotiladi. Eng muhimi, bitta oila endi doimiy daromad manbaiga ega. Manasda biri issiqxonasiga kartoshka ekkan, biri koʻkat, bodring va pomidor yetishtirayotgan oilalarni koʻplab uchratish mumkin. Qishloqda ish qizgʻin.
Obodlik islohotlari toʻlqinida Zuhra Yigitova ham oʻz ishini topdi. Ikki yildirki, tikuvchilik sexi ochib, qishloq xotin-qizlariga, bolalarga buyurtma asosida kiyim tikadi, “Hidoyat” oʻquv markazi rahbari.
– “Obod qishloq” dasturi boshlanmaguncha ishsiz edik. Imtiyozli kredit olib, tikuvchilik sexi ochdik. Shu kungacha oʻnlab shogirdlar yetishtirdim. Hozir ularning toʻrt nafari mustaqil ishlaydi. Ish koʻp, tashkilotlardan ham buyurtma kelib turadi. Shunda shogirdlarimiz bilan birgalikda ishga kirishamiz. Bugungi hayotimizdan rozimiz.