Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida mazkur festivalni yuqori saviyada oʻtkazish yuzasidan respublika ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda tegishli davlat va jamoat tashkilotlaridan masʼullar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati axborot xizmati.

Festival doirasida “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans sari!” mavzusida konferensiya, “Maʼrifat ulashib” aksiyasi va “Yangi Uygʻonish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab kitob koʻrgazmalari, “Faol fuqaro” debat klubi, “Har bir nuroniy — besh nafar yoshga murabbiy” uchrashuvlari, “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” mavzusida amaliy seminarlar, davra suhbatlari, “Mening farzandim — Oʻzbekiston faxri” shiori ostida respublika anjumani, “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovi, “Maqom kechalari” konsert dasturi, “Maʼrifat tur” loyihalari singari bayram tadbirlari, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, xayriya konsertlari oʻtkazilishi belgilangan.

Ishchi guruh yigʻilishida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov festivalni tashkil etish va oʻtkazishga oid bajarilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

— Bugungi tezkor davr oldimizga maʼnaviyat masalasi nainki bir idora yoki tashkilot, balki yurtimizdagi barcha vazirlik, korxona va muassasaning kun tartibidagi dolzarb vazifasi boʻlmogʻi lozimligi talabini qoʻymoqda, — dedi “Oʻzbekkino” milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev. — Shu bois bunday keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishda barcha tashkilotlarning faol boʻlishi, oʻzaro hamjihatligi ushbu masʼuliyatli vazifani yuqori saviyada bajarishimizda muhim rol oʻynaydi. Ayni maqsadda biz ham festival doirasida hududlarda tarixiy va zamonaviy kino va seriallarimiz namoyishini tashkil etishni koʻzda tutganmiz.