Do‘stlar davrasida, ko‘cha chetida, “bir marta sinab ko‘rishdan hech narsa bo‘lmaydi” degan so‘zlar ortidan keladi. Ana shu paytda insonni asrab qoladigan kuch –jazodan qo‘rquv emas. Uni faqat ichki iroda, ma’naviy tayanch saqlab qoladi.
Bugungi kunda giyohvandlik masalasi faqat tibbiy yoki huquqiy muammo sifatida qaralayotgani yetarli emas. Bu – jamiyatning ichki og‘rig‘i, ma’naviy muhitning ko‘zgusidir. Ko‘plab holatlarda giyohvandlik yomon niyatdan emas, balki e’tiborsizlik, bo‘sh vaqt, maqsadsizlik va ruhiy bo‘shliq natijasida paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada ham yoshlar masalasi alohida e’tibor markaziga qo‘yildi. Unda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va ma’naviy immunitetini kuchaytirish, bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi. Zero, bugun voyaga yetayotgan yoshlar – ertangi jamiyatning qiyofasidir.
Giyohvandlik ko‘pincha jinoyatdan avval boshlanadi. Avval beparvolik paydo bo‘ladi, keyin qiziqish, so‘ng esa odat. Oxir-oqibat inson o‘zini yo‘qota boshlaydi. Shu sababli bu illatga qarshi kurash faqat jazolash yo‘li bilan emas, balki ongni uyg‘otish, tushuntirish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish orqali olib borilishi zarur.
Bu borada eng kuchli vosita — ma’naviyatdir. Ma’naviyat insonni ichidan mustahkamlaydi, uni yot ta’sirlarga nisbatan chidamli qiladi. Ma’naviyatli inson hayotining qadrini biladi, har bir tanlovining oqibatini o‘ylaydi, o‘z kelajagi uchun mas’uliyat sezadi. Bunday inson uchun giyohvandlik — yo‘l emas, balki halokat ekanini anglash qiyin emas. Ma’naviy tarbiyada oila, ta’lim muassasalari va mahalla alohida o‘rin tutadi. Oila farzandga birinchi bo‘lib hayot sabog‘ini beradi. Maktab va oliy ta’lim muassasalari esa bilim bilan birga dunyoqarashni shakllantiradi. Mahalla esa jamiyat bilan bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Agar shu uchlik o‘zaro hamjihatlikda ishlasa, yoshlar salbiy yo‘llardan yiroq bo‘ladi.
Bugun mahallalarda yoshlar bilan ishlash, ularni sport, kasb-hunar, ijodiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu ishlar bevosita giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan. Chunki band bo‘lgan yosh hech qachon yomon yo‘lga kirmaydi.
Shuni unutmaslik kerakki, giyohvandlikka qarshi kurash faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas.
Bu – har bir ota-ona, har bir ustoz, har bir mahalla faoli va butun jamiyatning mas’uliyatidir. Har kim o‘z joyida befarq bo‘lmasa, jamiyatda sog‘lom muhit shakllanadi.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlikka qarshi eng kuchli
qurol – bu ma’naviyatdir. Ma’naviyat bilan qurollangan yosh hech qachon adashmaydi, u o‘z yo‘lini topa oladi. Chunki unda hayotga muhabbat, kelajakka ishonch va mas’uliyat tuyg‘usi bo‘ladi.
Bugun biz yoshlarimizga qanday muhit yaratib berayotganimiz ertangi kunimizni belgilaydi. Agar biz ularni tushunsak, qo‘llab-quvvatlasak va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsak – jamiyatimiz sog‘lom, kelajagimiz esa porloq bo‘ladi.
Shuning uchun ham ishonch bilan aytish mumkinki: ma’naviyat bilan qurollangan yosh — giyohvandlikka hech qachon yengilmaydi.
Shahnoza Mamataliyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi,
yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)