Bugun yurtimizda “bunyodkor” soʻzining mohiyati oʻzgardi. Yangi Oʻzbekiston sharoitida biz bu soʻz mohiyatiga ancha yaqinlashdik: aslida hayotni, jamiyatni, oʻzi va oʻzgalarning dunyoqarashini ich-ichidan yangilashga intiladigan, ham ruhan, ham jismonan oʻzini shu ishga safarbar eta oladigan inson chinakam bunyodkor ekanligini anglab yetdik. Mamlakatimiz boʻylab amalga oshirilayotgan islohot va tashabbuslarga qanot bagʻishlayotgan bezavol qudrat ham ana shu ruhiy-botiniy safarbarlik ekanligi bugun hech kimga sir emas. Bu boradagi ezgu tashabbuslarning Buxoro viloyati misolidagi sarhisobi ana shunday yorugʻ umidlar baxsh etadi, kishiga.
Hududlar obod – koʻngillar obod
Bugun viloyatning qay bir goʻshasiga bormang, shahar yoki qishloq boʻladimi, markazdan yuzlab chaqirim olis choʻl bagʻrida joylashgan ovul boʻladimi, qurilish-bunyodkorlik tadbirlari ustidan chiqasiz.
Buxoro shahriga bundan atigi toʻrt-besh yil oldin tashrif buyurgan mehmon bugun bu qadim kent koʻchalarida adashib qolishi hech gap emas. Avvalgi ikki yoxud toʻrt qavatli uy-joylar oʻrnida qad koʻtargan yetti yoki sakkiz qavatli turar joylar, ularga yondosh qurilgan koʻrkam savdo majmualari, mehmonxonalar, keng va charogʻon istirohat bogʻlari, xiyobonlar ana shu qisqa muddat ichida shahar qiyofasini tubdan oʻzgartirishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz.
Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Moʻminov va Sanoatchilar koʻchalariga tutash hududlarda samarasiz foydalanilayotgan obyektlar, bino va inshootlar egallagan jami 83 gektar maydonda barpo etilayotgan “Bukhara City” majmuasikonsepsiyasiga muvofiq, loyihaning jami qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 550 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Unda 24,9 gektarda 38 ta hududdan iborat turar-joy (birinchi va ikkinchi qavatlarida tijorat obyektlari) majmuasi, 6,6 gektardan iborat 12 ta hududda zamonaviy mehmonxonalar, 3 gektar maydonda bank va ofis binolari, 1,7 gektardan iborat 5 ta hududda xalq taʼlimi muassasalari, 5,3 gektarda sport kompleksi, tibbiyot klinikasi va boshqa turdagi ijtimoiy obyektlar oʻrin olishi belgilangan.
Shuningdek, loyihaga koʻra, Buxoroda ilk bor 1,1 gektar maydonda 32 qavatli bino, 1,7 gektarda ekspo-markaz hamda 1,4 gektarda texnopark ham aynan ushbu hududda qurilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, 26 ta huddudda 1 ming 810 ta xonadonga moʻljallangan turar-joy (yer maydoni 14,1 gektar) majmuasi, 5,3 gektar yerda 2 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi kutilayotgan muhtasham savdo kompleksi, 80 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi va kafe binolari uchun yer maydonlari ajratilgan. Quvonarlisi, “Bukhara City” tarkibidan Buxoro tarixi muzeyi, ilmiy markaz, kutubxona, Yoshlar markazi singari maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar ham oʻrin olishi belgilangan.
Buxoro shahrida “Yopiq bozor” nomi bilan mashhur boʻlgan, oʻtgan asrning 60-yillarida barpo qilingan “Dilkusho” savdo majmuasi oʻrnida soʻnggi ikki yilda hajm qamroviga koʻra, hozircha mamlakatimizda yagona boʻlib turgan yangi savdo-koʻngilochar majmua qad koʻtardi. Mahalliy tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar saʼy-harakati bilan barpo etilgan va bosqichma-bosqich ish boshlayotgan mazkur majmuada Buxoro shahri va shahar atrofida istiqomat qilayotgan 5000 nafarga yaqin aholi vakillarining muntazam ish oʻrni, demakki, daromad manbai bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Majmua tarkibidan katta va kichik kinozal, kitob doʻkonlari oʻrin olishi koʻzda tutilgani esa kelgusida bu maskan viloyat markazidagi ziyo tarqatuvchi goʻshalardan biriga aylanishidan dalolatdir.
Odamlarni rozi qilish, ularga munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan bu kabi islohotlar nafaqat viloyat, shahar va tumanlar markazlarini, balki olis hududlarni ham qamrab olayotgani eʼtiborli. Bugun viloyatning har bir goʻshasida kichik shaharchalar, mahalla markazlari qad koʻtarmoqda. Shaharsozlik va qishloq infratuzilmasini yaxshilash yoʻnalishidagi islohotlar asnosida har bir manzilga yangicha nafas, yangi dunyoqarash kirib bormoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 21-22-yanvar kunlari Buxoroga tashrifi davomida viloyatdagi 90 ta ijtimoiy holati oʻta ogʻir boʻlgan hududlarni belgilab, ulardagi mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha aniq va maqsadli koʻrsatmalar berilgan edi. Ortda qolgan yilda davlatimiz rahbari tavsiyasi asosida tanlab olingan mazkur hududlarda obodonlashtirish tadbirlari yakunlanib, aholini qiynab kelayotgan muammolar toʻliq bartaraf qilindi. Joriy yilda yana oʻttizga yaqin hududda shunday xayrli ishlar amalga oshirilayotgani aholining ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda.
Respublika vazirlik va idoralarining Olot tumani infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha tashabbuslar bilan chiqishi tuman aholisi quvonchiga quvonch qoʻshdi. Ayni shu tashabbuslar natijasida, jumladan, respublika Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish majmuasi tomonidan tumanning “Koʻlchovdir” mahalla fuqarolar yigʻinida yuz oʻringa moʻljallangan maktabgacha taʼlim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Tumanning “Asajam” mahalla fuqarolar yigʻini hududida respublika Davlat soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan 330 oʻrinli maktab, tuman markazida “Oʻzbekneftgaz” AJ saʼy-harakati bilan muhtasham Maʼnaviyat va madaniyat markazi qurilishi yakuniga yetkazilib, foydalanishga shay holga keltirilmoqda.
Shunday fikrni Shofirkon tumanining choʻlga tutash “Mingchinor” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi yillar davomida chekkan zahmatlar va soʻnggi yillarda hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari misolida ham aytish mumkin. “Obod mahalla” tadbirlari doirasida yalpi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan “Mingchinor” aholisi uchun hududdan “Buxoro Agro” erkin iqtisodiy zonasi uchun yer ajratilganligi, bu yerda bir paytlar Mingchinorning oʻziga xos brendiga aylangan bogʻdorchilik, qovunchilik va asalarichilik anʼanalarini tiklashga jadal kirishilgani ayni muddao boʻlmoqda.
Viloyat markazidan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan, asosan, qozoq millatiga mansub vatandoshlarimiz istiqomat qiladigan “Jongeldi” mahalla fuqarolar yigʻini hududi 2019-yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasidagi ishlar tufayli tamomila yangicha qiyofa kasb etgan, taʼbir joiz boʻlsa, choʻl ichida guliston bunyod etilgan edi. 2021-yilda bu tashabbus qozoq va turkman millatiga mansub qondoshlarimiz yashaydigan “Qizilravot” mahalla fuqarolar yigʻiniga koʻchdi. Joriy yilda esa yana ikki olis hududda – xuddi shunday vatandoshlarimiz istiqomat qiladigan “Churuq” va “Ogʻitma” mahalla fuqarolar yigʻinlarida ham obodlik tadbirlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Eng muhimi, mazkur tadbirlar mohiyatida faqat hududlarni obod qilish maqsadi turgani yoʻq. Asosiy maqsad, mazkur hududlarga madaniyatni olib kirish, odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirish, kitob mutolaasiga munosabatini yaxshilash va shu tariqa ular maʼnaviy hayotiga oʻzgarish olib kirishdan iboratdir.
Maʼrifatli jamiyat sari
Viloyatdagi taʼlim sohasi haqida gap ketganda, dastlab Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi yutuqlarini eʼtirof etish urfga kirgani rost. Biroq bugun nafaqat mazkur maktabda, balki vohadagi koʻplab umumtaʼlim maktablarida zarur infratuzilmani shakllantirish, oʻqitish sifati va samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bu jarayonda Buxoro shahrida Prezident maktabi ish boshlagani, oʻqituvchilar mehnatining munosib qadrlanayotgani, malaka toifalarini egallash tizimida shaffoflik taʼminlanayotgani, xususiy sektorga qoʻshimcha imkoniyatlar berilayotgani, bir soʻz bilan aytganda, raqobat muhitining shakllanayotgani muhim omil boʻlmoqda.
Misollar koʻp. Biroq birgina joriy yil dastlabki choragida qoʻlga kiritilgan yutuqlar ham sarhisobi ham ancha-muncha salmoq kasb etadi:
Romitan tumanidagi 24-maktaboʻquvchisi Jahongir Ramazonov Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasidagi “International Robotics Challenge” musobaqasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bu gʻalaba yosh ixtirochiga Turkiyaning Anqara shahridagi Ostin texnika universitetida grant asosida oʻqish imkoniyatini tuhfa etdi.
Qozogʻistonning Olma-ota shahrida boʻlib oʻtgan matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha 18-Xalqaro Jautikov olimpiadasida ishtirok etgan Qorakoʻl xalqaro matematika maktabioʻquvchisi Lazizbek Rajabboyev kumush, Olot tumanidagi 10-maktab oʻquvchisi Humoyun Abdurasulov hamda Peshkoʻ tumanidagi 18-maktab oʻquvchisi Anvarjon Saʼdulloyevlar bronza medallar sohibiga aylanishdi.
Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan oʻtkazilgan onlayn olimpiadada Gʻijduvon tumanidagi 32-maktaboʻquvchisi Jasur Olimov hamda Qorovulbozor tumanidagi 2-maktaboʻquvchisi Mira Rahmonovalar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Joriy yil 11-16mart kunlari boʻlib oʻtgan 7-Kavkaz xalqaro matematika olimpiadasida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Qorakoʻl xalqaro matematika maktabioʻquvchisi Anvarbek Rahmatov oltin, mazkur maktabning yana bir oʻquvchisi Jasurbek Roʻziboyev hamda Olot tumanidagi 31-IDUM oʻquvchisi Nurmuhammad Otamurodovlar kumush medallarga sazovor boʻlishdi.
Quvonchli xabarlarga boy mart oyi avvalida Buxoro shahridagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabioʻquvchisi Mushtariybegim Shonazarova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib koʻrilgan boʻlsa, Jondor tumanidagi 2-ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktab-internati ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Muharram Kamolova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
“Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida ishtirok etgan Buxoro shahridagi 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 9-sinf oʻquvchisi Muxlisa Nasimova faxrli birinchi oʻrin, 20-30 yosh toifasida qatnashgan Buxoro shahridagi 24-son koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi Shamshoda Hamdamova 2-oʻrin sohibasiga aylandi.
Xalq taʼlimi vazirligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi hamkorligida “Zamonaviy maktab”larga qoʻyiladigan talablar asosida baholangan 751 ta maktab orasida Buxorodagi yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan 14 ta maktab borligi, yoshlarimizning 2608 nafari xalqaro IELTS sertifikatini qoʻlga kiritgani quvonarli, albatta.
Bugungi kunda viloyat maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan 60 foizdan ziyod oʻqituvchi-murabbiyning maxsus toifaga ega ekanligi, viloyatdagi 6 ta oliy taʼlim muassasasi ilmiy salohiyati yildan-yilga oshib, ularda tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida zukko va tashabbuskor yoshlar koʻpayib borayotgani soha istiqboli bilan bogʻliq ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.
Ayol – hayot gultoji
Jamiyatimizda ayollar nufuzining oshib borayotganligi buxorolik xotin-qizlar faoliyati va intilishlari misolida ham yaqqol namoyon boʻlayotir.
Ayni paytda viloyatda 1 nafar ayol tuman hokimi lavozimida, 1 nafar ayol viloyat hokimi oʻrinbosari lavozimida, 2 nafar ayol boshqarma boshligʻi, 2 nafar ayol oliy taʼlim muassasasi prorektori, 5 nafar ayol dekan, 160 nafar ayol umumtaʼlim maktabi direktori, 78 nafar ayol mahalla fuqarolar yigʻini raisi, 2 nafar ayol bank rahbari oʻrinbosari lavozimlarida – jami 500 nafardan ortiq xotin-qiz rahbarlik lavozimida mehnat qilmoqda. Yaqinda Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman)ning Buxoro mintaqaviy vakili lavozimiga ham ayol kishi tayinlandi.
Viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan xotin-qizlarning 25 foizi falsafa doktori (PhD), 20 foizi fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ekanligi ham ularning bu boradagi peshqadamligidan dalolatdir.
Bugun vohada 7 mingdan ziyod tadbirkor xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda.Oʻz ishini boshlamoqchi boʻlgan va tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan xotin-qizlarning iqtisodiy, huquqiy bilim va koʻnikmalarini oshirish doimiy eʼtiborda. Birgina 2019-2021-yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan va oʻz ishini boshlagan 1857 nafarxotin-qizning bilim va koʻnikmasi oshirildi. Shundan 678 nafari oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib, yangi ish oʻrinlarini yaratdi.
Tadbirkor ayollar safida “Tashabbus”, “Yil ayoli” singari nufuzli Respublika tanlovlari gʻolibligini qoʻlga kiritgan, yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan opa-singillarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. Joriy yilda Xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga koʻra davlat mukofotlariga munosib koʻrilgan 7 nafar buxorolik xotin-qizlar safida Mohtob Adilova, Xursheda Ruzayeva, Dilorom Fayziyeva singari tadbirkor ayollarimiz borligi vohada xotin-qizlar tadbirkorligi yanada rivojlanishiga omil boʻlishi shubhasiz.
Vohada ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qoʻllab-quvvatlash; xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;oilaning tarbiyaviysalohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish muntazam eʼtibor qaratib kelinayotgani ham jamiyatda ayollar nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Viloyatdagi bu kabi tajribalar respublika jamoatchiligi eʼtiborini tortib, mamlakatda xotin-qizlar bilan ishlash borasida “Buxoro tajribasi” joriy etilgani ham islohotlarning oʻziga xos samarasidir. Bu boradagi tajribalar joriy yil 26-27-may kunlari Buxoroda oʻtkazilgan kambagʻallikni qisqartirish forumi doirasida Buxoroga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar, ekspert-mutaxassislar tomonidan ham eʼtirof etildi. Xususan, Buxoro viloyati misolida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlarining amaliy natijalari tahlil qilinib, dunyo iqtisodiy inqirozi sharoitida mazkur tamoyil aholi, ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishda eng maqbul yoʻl ekanligi alohida qayd etildi.
Jarayonda forum ishtirokchilari viloyatda xotin-qizlar bandligini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, oʻzaro tajriba almashishdi. Ayniqsa, hunarmandchilik va xizmat koʻrsatish sohalariga qamrab olingan xotin-qizlar faoliyati istiqbollari muhokama markaziga qoʻyilib, joylarda bu borada boshlangan saʼy-harakatlarni yanada jadallashtirish zarurligi eʼtirof etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Buxoroda ham ayol oʻz mavqei va maqomini tiklamoqda. Jamiyatni harakatlantiruvchi kuch sifatida nimalarga qodirligini amalda namoyon etmoqda.
Maʼnaviyatga eʼtibor – kelajakka eʼtibor
Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, faoliyatni yangi bosqichga koʻtarish kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada azal-azaldan ilm-maʼrifat, dinu diyonat maskani sifatida butun dunyoda oʻz oʻrni va mavqeiga boʻlgan Buxoroi sharifda amalga oshirilayotgan ishlar ham diqqatga sazovor.
Bu jarayonda Prezidentimizning 2021-yil 26-mart kuni qabul qilingan “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi hamda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining shahar va tumanlardagi boʻlinmalariga xizmat mashinalari ajratilganligi, tuzilma salohiyatini oshirish maqsadida qoʻshimcha shtatlar berilganligi, respublikadagi barcha umumtaʼlim maktablari singari Buxorodagi maktablarda ham ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimlari joriy etilib, munosib kadrlar tanlanganligi oʻz samarasini bermoqda.
Bu kabi imkoniyat va imtiyozlar maʼnaviyat targʻibotchilari zimmasida turgan zalvorli vazifalar, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va urf-odatlarimizga sadoqat ruhida kamol toptirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yana bir muhim dalil. Prezidentimizning “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan tasdiqlangan 2021-2023-yillarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etishning manzilli roʻyxati asosida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida maʼnaviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini tashkil etish maqsadida Buxoroda ham qator xayrli ishlar amalga oshirildi. 2021-yilda Kogon, Qorovulbozor va Jondor tumanlarida shunday maskanlar oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, ayni kunlarda Olot, Gʻijduvon, Romitan, Vobkent tumanlari va Kogon shahrida ham Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari qurilishi davom etmoqda.
Aholining mutolaa madaniyatini oshirish, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish borasidagi saʼy-harakatlar bugun davlat darajasida eʼtiborda ekanligi viloyat shahar va tumanlaridagi tashabbuslar misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bugun Kogon, Vobkent, Shofirkon, Qorakoʻl, Buxoro tumanlaridagi axborot-kutubxona markazlari aholi, ayniqsa, yoshlar bilan gavjum. Viloyat axborot-kutubxona markazida olib borilayotgan kapital taʼmirlash ishlari tufayli bu yerni ham kitobsevar yurtdoshlarimizning sevimli maskaniga aylantirish tadorigi koʻrilmoqda. Nafaqat shahar va tumanlar markazlari, balki mahalla guzarlarida ham ixcham kutubxonalar tashkil etilayotgani aholiga quvonch bagʻishlamoqda. Shofirkon tumanidagi akademik Ibrohim Moʻminov tugʻilib oʻsgan “Tezguzar” hamda Qorovulbozor tumanining chekka hududi boʻlgan “Jarqoq” mahalla fuqarolar yigʻinlarida oʻz faoliyatini boshlagan mahalla kutubxonalari bugun boshqa mahallalarda ham shunday maskanlarni tashkil etish tashabbuslariga qanot bagʻishlamoqda.
Ayniqsa, may oyining soʻnggi oʻn kunligi buxoroliklar uchun nihoyatda hayajonli kechdi. Mamlakatimiz poytaxtida boshlangan nufuzli anjuman – “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining yakuniy tadbirlari 19-20-may kunlari butun dunyoda ilm-maʼrifat maskani sifatida eʼzozlab kelinayotgan Buxoroi sharifda oʻtkazilib, forumning yakuniy hujjati sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Oʻzbekistonni ziyorat turizmining markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi “Buxoro deklaratsiyasi” qadim shaharning nafaqat oʻtmishda, balki bugungi kunda ham yuksak maʼnaviyat, dinu diyonat, ilm-maʼrifat markazlaridan biri sifatidagi mavqeini saqlab kelayotganligi eʼtirofi boʻldi.
21-25-may kunlari Buxoroda yana bir nufuzli xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Koʻhna kentda ilk marotaba oʻtkazilgan Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali hamda uning doirasida tashkil etilgan Kashtadoʻzlik sanʼati festivali 60 ga yaqin davlatdan tashrif buyurgan yuzlab olimlar, mutaxassislar, usta-hunarmandlarni oʻz bagʻriga chorladi. Festival doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiya, zardoʻzlik, zargarlik va kashtadoʻzlik sanʼati namunalari koʻrgazmasi, mahorat darslari, madaniyat va sanʼat ustalari ishtirokidagi konsert dasturlari Buxoroning doʻstlik va madaniyatlar almashinuvi maskani sifatidagi qiyofasi yana bir marotaba dunyo miqyosida eʼtirof etilishiga zamin yaratdi. Ayniqsa, festival yakunida Butunjahon hunarmandlar Kengashi qaroriga koʻra Buxoro shahriga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berilganligi vohada kamol topgan asriy qadriyatlarga, maʼnaviyat va maʼrifatga berilgan yuksak baho boʻldi. Nufuzli anjuman doirasida yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivali oʻtkazilgani esa qadim kentda asriy qadriyat oʻlaroq eʼzozlab kelinayotgan mazkur sanʼatga eʼtiborning yorqin namunasi sifatida voha ahliga katta gʻurur bagʻishladi.
3-4-iyun kunlari Buxoroda Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi oʻtkazildi. Mazkur tashkilotga aʼzo mamlakatlar yoshlari ishtirokida kechgan forum yakunida Buxoro shahriga “Birinchi turkiy dunyo yoshlari tashabbuslari poytaxti” maqomi berilib, viloyat Yoshlar markazi hududida “Birinchi turkiy dunyo yoshlari tashabbuslari poytaxti”monumenti ochildi va “Turkiy dunyo yoshlari bogʻi”ga doʻstlik va hamkorlik ramzi boʻlgan nihollar oʻtqazildi. Voha yoshlariga cheksiz gʻurur bagʻishlagan mazkur forum ularning yangi tashabbuslari, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sportdagi yangi yutuqlariga poydevor boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Xullas, bugun bunyodkorlik tashabbuslari vohaning har bir goʻshasiga kirib borayotgani eʼtiborli. Shu bilan birga, odamlar ongi oʻzgarayotgani, yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga ishonch tuygʻulari mustahkamlanayotgani quvonarli. Zero, azal-azaldan ilm-maʼrifat va yuksak madaniyat beshigi boʻlgan, dunyoga buyuk tashabbuslarni hadya etgan jonajon yurtimiz bugun yana oʻsha ulugʻlik choʻqqisi sari dadil odimlamoqda. Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish gʻoyasi odamlar qalbidan mustahkam oʻrin olayotir, yurtdoshlarimiz oʻzini ana shu umidbaxsh gʻoya roʻyobi uchun masʼul his etayotir. Demak, xulosa qatʼiy: bobomeros anʼanalarimiz davom etaveradi, ular yoqqan maʼnaviyat chirogʻi hech qachon oʻchmaydi!
Marhabo PARDAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Buxoro viloyati boʻlimi rahbar