Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi:

– Maʼnaviyat festivali” milliy maʼnaviyatimizni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Bu masalaga muayyan guruhning, sinfning manfaatlaridan, dunyoqarashidan va mafkurasidan kelib chiqib yondashish mumkin emas. Shu bois davlatimizning taʼlim-tarbiya va madaniy-maʼrifiy siyosati asosida har bir fuqaroda yuksak maʼnaviy ehtiyojlarni shakllantirish va oʻstirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat sari” shiori ostida oʻtkaziladigan “Maʼnaviyat festivali” doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha tadbirlari amalga oshiriladi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 dan ortiq “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari jalb etiladi.

Festival doirasida “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari” mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga qaratilgan “Maʼrifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” aksiyalari, “Yangi Uygʻonish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida kitob koʻrgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Maʼrifat soatlari”, “Milliy qadriyatlar” haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani ham boʻlib oʻtadi.

Oʻzbek musiqa sanʼatining koʻp asrlik ijro yoʻllari, qadimiy tarixi, noyob sanʼatini keng targʻib qilish, aholi kayfiyatini koʻtarishga qaratilgan “Milliy qoʻshiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, mahallalarda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni” nomli psixologik suhbatlar tashkil etiladi. Shu bilan birga yurtimizda imkoniyati cheklangan boʻlsada, foydali mehnat bilan shugʻullanib, jamiyatda munosib oʻrin topgan hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targʻib etish maqsadida “Inson qadri” shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi hamda “Mehr-muruvvat va saxovat” tadbirlari, “Ziyolilar forumlari”, jismonan sogʻlom avlodni shakllantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida turli sport yoʻnalishlari boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar oʻrtasida “Maʼnaviyat kubogi” sport musobaqalari oʻtkaziladi. Festival doirasida “Oʻzbekiston qahramonlari” hamda “Maʼnaviyat. Asosiy tushunchalar lugʻati” kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi. Shuningdek, “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli koʻngilochar oʻyinlar boʻlib oʻtadi.

Anjuman davomida Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita boʻlim boshligʻi Farida Abdurahimova, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Oʻzbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova va Dilorom Karimova soʻzga chiqib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir davomida oʻzbek milliy kulolchilik namunalari koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. Unda gʻijduvonlik usta Ibodulla Narzullayev hamda uning farzandlari, kulolsozlarning oltinchi avlod vakillarining ijod namunalari namoyish etildi.