Davlatimiz rahbari joriy yil boshida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi” – deya soʻz yuritib, buyuk ajdodlarimiz, xususan, jadidlar faoliyatini oʻrganish, ularning ezgu gʻoyalarini zamonamizga mos holda davom ettirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligi haqida alohida taʼkidlagan edi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mazkur gʻoya asosida “Ona yurt fidoyilari” rukni ostida millat fidoyilari boʻlgan jadidchilarimizning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi kitoblarni nashr etishdek ezgu ishni boshlab yubordi.
Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon toʻra Ibrat, Abdurauf Fitrat, Botu (Mahmud Hodiyev) kabi taraqqiyparvar adiblarimizning mashaqqatli va sharafli hayoti va ijodiga bagʻishlab chop etilgan kitoblarning taqdimotiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda shu haqda soʻz bordi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat til va adabiyot universiteti professori, filologiya fanlari doktori, Baxodir Karimov, Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hamidulla Boltaboyev, Oʻzbek tili adabiyoti va folklor instituti direktori Zaynobiddin Abdurashidov va boshqalar soʻzga chiqib jadidchilik harakati va uning namoyandalari yaratgan oʻlmas asarlar mohiyati, Vatanni ozod va obod qilish, xalqni hurriyatga olib chiqish hamda maʼrifatli qilish yoʻlidagi ezgu maqsadlar yoʻlida qilingan saʼy-harakatlar xususida oʻz fikr va mulohozalarini bildirishdi.
Ayniqsa, jadidlarning milliy maʼnaviyatimiz ravnaqidagi xizmatlari beqiyos boʻlganligi shuning uchun ham, ularning yurt shon-shuhrati, istiqloli uchun kurashdagi xizmatlari eʼzozlanishi, qadrlanishi, hozirgi va kelgusi avlodlar qalbida chuqur iz qoldirishi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib oʻtdilar.
- Har bir avlodning ajdodlari va oʻzidan keyin keladigan yangi avlodlar oldida bajarishi lozim boʻlgan burch, vazifa va majburiyatlari boʻladi, – dedi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov. – Millatni maʼrifatli qilish yoʻlida jonini qurbon qilgan jadid bobolarimiz oldida, bugungi avlod vakillarining sharafli vazifasi, ularning amalga oshirgan ishlarini oʻrganish va bizdan keyingi avlodlarga yetkazishdir. Jadidlarning milliy madaniyatimiz ravnaqidagi xizmatlari beqiyos. Chunonchi, Behbudiy, istiqlol uchun kurashning oldingi saflarida borgan yalovbardorlardan boʻlgan. Avloniy, millat istiqboli, ravnaqi, ezgu niyati bilan yashagan. Fitrat, oʻz ona diyorini ozod va hur koʻrishni orzu qilgan. Ulugʻ adib Choʻlpon, “Adabiyot yashasa – millat yashaydi” shiorini yuragiga jo qilib jonini fido qilgan. “Ona yurt fidoyilari” rukni ostida nashr etilayotgan jadidlarimizning kitoblar xalqimizni ilmga chorlaydi, maʼrifatga oshno qiladi, maʼnaviyatni yuksaltirib boradi.
Darhaqiqat, kitob inson aqlini charxlashga, idrokini teranlashtirishga, tafakkurini oʻstirishga xizmat qilib, zararli gʻoyalarining yurtimizga kirib kelishining oldini olishda va adashganlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarishda nurli bogʻich boʻladi va “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida baxtli kelajak qurishda katta maʼnaviy ozuqa boʻladi.
Gulichehra Durdiyeva.