Unda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda professional futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh futbolchilarni saralash hamda murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, “City Football Group” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy professional klublar bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish, yosh futbolchilar uchun “Manchester City” metodikasi asosida maxsus tayyorgarlik dasturlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Angliya klubining hamkorlik dasturi bo‘yicha direktori Jonatan Smit o‘zbek futboli so‘nggi yillarda xalqaro maydonda katta e’tibor qozonayotganini ta’kidlab, mamlakatimizdagi iqtidorli yosh futbolchilarni kuzatishga qiziqish yuqori ekanini bildirdi.

Tashrif doirasida mehmonlar “Olimpiya shaharchasi” infratuzilmasi, “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublarining mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishishi, shuningdek, hududlardagi qator futbol klublari faoliyatini ham o‘rganishi rejalashtirilgan.