Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan doimiy ravishda oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 25-yanvar kuni Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayev va Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi Bosh direktori M.Ganapati oʻrtasida onlayn videomuloqot shaklida uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi oʻrtasida ikkitomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Hind tomoni Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi bilan oʻzaro ishonch va hurmat asosida ikkitomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qilib, idoralararo oʻzaro tajriba almashish va xavfsizlik sohasida qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish toʻgʻrisida taklif bildirdi.

Oʻz oʻrnida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni Hind tomoni bilan xizmat faolityaining barcha sohalarida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qilib, Jamoat xavfsizligi universiteti va Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasining tegishli oliy harbiy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik boʻyicha anglashuv Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur hujjat ikki idora oʻrtasidagi kelgusi hamkorlikni mustahkam asosi boʻlishi hamda tomonlar oʻrtasida jamoat tartibini saqlash, terrorizmga qarshi kurashish, harbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida hamkorlik qilish, qoʻshma amaliy treninglar, oʻzaro tanishuv tashriflarini tashkil etish imkonini berishi koʻrsatib oʻtildi.

Uchrashuv doʻstona va konstruktiv muloqot ruhida oʻtdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri