Korrupsiyaviylik holati bo‘yicha mamlakatlar reytingga nazar tashlasak, Yangi Zelandiya, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsariya, Singapur, Shvetsiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya kabi davlatlarda korrupsiya darajasi eng past hisoblansa-da , boshqa davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham bu borada tubdan isloh qilish tadbirlarini amalga oshirish lozimligini kuzatish mumkin. Mazkur holat dunyoda huquq ustuvorligiga erishishda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish muhimligidan dalolatdir.

Jahonda mansab soxtakorligining jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari, jinoyatchi shaxsining xususiyatlari, jinoyatning motivi, hujjatlarni qalbakilashtirish usuli yoki vositasi, mazkur qilmishlarning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Boisi rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta ma’lumotlar yoki yozuvlar kiritilishi, hujjatlarning qalbakilashtirilishi yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzilishi va taqdim etilishi natijasida davlat organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining normal faoliyati izdan chiqadi, ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan boshqa jinoyatlar sodir etilishi yoki ularning yashirilishi ancha osonlashadi.

Respublikamizda mansab soxtakorligi uchun jinoiy javobgarlikni takomillashtirish, mansab soxtakorligi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Mansab soxtakorligiga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida maxsus vakolatli tuzilmalar tashkil etilganligi, shuningdek “jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tartibini insonparvarlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan” ligi mazkur sohani tadqiq etish, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni yanada takomillashtirishni dolzarb etib belgilamoqda.

Shulardan kelib chiqib, mazkur o‘quv qo‘llanmada mansab soxtakorligi tushunchasi va mohiyati, uning uchun jinoiy javobgarlik belgilangan qonun normalarining rivojlanishi tarixi; ayrim xorijiy mamlakatlar jinoyat qonunlarida mansab soxtakorligi jinoyati uchun javobgarlik masalalari; soxtakorligi jinoyatining obyektiv va subyektiv belgilari; mansab soxtakorligi jinoyati uchun jazoni og‘irlashtiruvchi holatlari va kvalifikatsiya qilishning ayrim muammolari kabi masalalar bayon etilgan.

Mamlakatimiz taraqqiyotining milliy modeliga ko‘ra, davlat butun xalqning manfaatlarini ko‘zlab, islohotlar jarayonining tashabbuskori bo‘lishi, iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi yo‘nalishlarini belgilashi, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va suveren davlatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub o‘zgarishlarni amalga oshirish siyosatini ishlab chiqishi va izchil ro‘yobga chiqarishi lozimligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada davlatning institutsiyaviy belgisi mazmunidan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, davlatning faoliyati uning organlari, uning faoliyati esa, davlat xizmatchilari orqali amalga oshiriladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev davlat xizmati institutini takomillashtirishda korrupsiyaga qarshi ta’sirchan kurash mexanizmlarini joriy etish zarurati mavjudligini bildirib, bugun hayotning professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda, deb ta’kidlaydi . Shunday ekan, davlat xizmatchilari, xususan mansabdor shaxslarning o‘z mansab vazifalarini qonun doirasida hamda ijtimoiy adolat prinsiplarini buzmagan holda vijdonan bajarishlari konstitutsiya darajasida mustahkamlangan oliy maqsadlarimizning hayotga joriy etilishida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Davlat xizmatchisi o‘ziga berilgan huquqlardan ko‘r-ko‘rona emas, balki oqilona va vijdonan foydalanishi lozim. O‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan davlat xizmatchisi bu bilan nafaqat o‘ziga va o‘z mahkamasiga, balki jamiyatga ham ziyon yetkazadi. Bunda davlat xizmatchisi mohiyat e’tibori bilan to‘liq yuridik himoya huquqidan mahrum bo‘ladi va qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi. Mansab vazifalaridan qonunga xilof maqsadlarda foydalanishga bo‘lgan xar qanday urinishlar e’tiborsiz qoldirilmasligi darkor va to‘xtatilishi lozim . Shuni qayd etish lozimki, mansab vakolatlari ta’minlovchi xususiyatga egadir. Ularning mavjudligi xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish uchun zarur shart-sharoit yaratadi. Zotan, “Mansab vazifalari – bu davlat organining yoki mazkur organ manfaatlarini ifoda etayotgan mansabdor shaxslarning vakolatlarini bevosita bajarish yoki kasb yuzasidan ta’minlash maqsadida davlat xizmatchisi zimmasiga yuklanadigan funksiyalardir” . Ular davlat xizmatining asosiy vazifalari bilan belgilanadi va shu davr davlat xizmatida bo‘lgan har bir kishi xizmat faoliyatining mohiyati va mazmunini tavsiflaydi. Davlat (davlat organi) fuqaroni uning zimmasiga tegishli xizmat vazifalarini yuklash maqsadida, bu vazifalarni u sifatli bajarishiga umid bilan ishga qabul qiladi. Shunday ekan, bunday vaziyatda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan har qanday qonunbuzilish holatlari ijtimoiy xavflilik darajasi, qamrovlilik doirasi, shuningdek fuqarolarning huquq va manfaatlari, shuningdek davlat hamda jamiyat manfaatlariga yetkaziladigan zararning hajmiga ko‘ra boshqa shaxslar tomonidan sodir etiladigan qilmishlarga nisbatan yuqori hisoblanadi.

Umumiy ma’noda soxtalashtirish deganda, jismoniy va yuridik shaxslarni aldash va ishontirish maqsadida soxta obyektlar, statistika yoki hujjatlarni yaratish, ularga o‘zgartirish kiritish yoki moslashtirish jarayoni tushuniladi .



Sunnatov Vohid,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga

qarshi kurashish kafedrasi dotsenti,

Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Iqtiboslar:

1.     Oxotskiy Ye.V. Pravovoy status gosudarstvennogo slujaщego. // Gosudarstvo i pravo. – 2005. – №9. – S.19.

2.     Mevlud D.D. Slujebnыy podlog. // Vestnik ekonomicheskoy bezopasnosti. – 2019. – № 3. – S. 147.

3.     O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar. Z.X.G‘ulomov, R.A.Zufarov, R.Q.Qobulov va boshq. – Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 1997. –B.269.

4.     Kadыrov M.M. Ugolovnoe pravo Respubliki Uzbekistan. Osobennaya chast: Uchebnik. / Pod red. d.yu.n., prof. U.Tadjixanova. – Tashkent: Adolat, 1997. –S.261.

5.     O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi. / Nashr uchun mas’ul: R.A.Muhitdinov va boshq. Mas’ul muharrir: N.Toychiev. – Toshkent: Adolat, 2009. –B.288.