Unga koʻra, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtoransport vositalarini biriktirish meʼyorlari tasdiqlandi. Jumladan:
Vazirlar, davlat qoʻmitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 2000 baravari (490 mln. soʻm)dan;
Ularning oʻrinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — 1500 baravari (367 mln. 500 ming soʻm)dan;
Tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1000 baravari (245 mln. soʻm)dan;
Davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻlinmalari rahbarlari, shuningdek, tuman, shahar hokimi oʻrinbosarlari xizmat avtotransporti narxi — BHMning 700 baravari (171 mln. 500 ming soʻm)dan oshmasligi belgilandi.
Shuningdek, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga oʻtkazib berish avtotransportdan kamida 5 yil foydalanilgandan soʻng amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno).
Qarorga koʻra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud boʻlgan xizmat avtoransportlari ikki oy ichida xatlovdan oʻtkaziladi va belgilangan meʼyorlar boʻyicha limitdan ortiqcha boʻlgan xizmat avtotransportlari roʻyxati shakllantiriladi.
Shakllantirilgan roʻyxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021-yil 1-avgustga qadar elektron auksion savdolariga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya toʻlash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqiladi.